Sport | 09:37 / 28.02.2018
5835
2 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada-2020 timsollari tanlandi

Foto:  EPA-EFE/FRANCK ROBICHON 

Tokioda 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada va Paralimpiada rasmiy timsollari sifatida yapon animesi yo‘nalishidagi o‘zgacha uslubda bo‘lgan shaklchalar tanlandi. Ular mos ravishda ko‘k va pushti rangdagi katak-katak bezakka ega. O‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi huzuridagi maxsus kengash bu qaror haqida chorshanba kuni ma'lum qildi.

Kengash 11 dekabr – 22 fevral kunlari Yaponiyadagi 16 mingdan ortiq boshlang‘ich maktablar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga asoslandi. NHK televideniyesi xabariga ko‘ra, O‘yinlar timsolini aniqlash bo‘yicha shunday uslub olimpiya harakati tarixida birinchi marta qo‘llanildi.
 
Tanlov doirasida Olimpiada va Paralimpiada timsollarining taxminan ikki ming varianti bor edi. O‘tgan yilning oktabr oyi o‘rtalariga kelib, ulardan uchtasi tanlab olindi, ular boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari muhokamasiga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, Tokiodagi Olimpiada 24 iyul – 9 avgust kunlari, Paralimpiada esa 25 avgust – 6 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid