Video: Prezident eksport masalasiga «panja ortidan qaragan» rahbarlarni tanqid qildi
27 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezident yig‘ilishda eksportchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ta'kidlagan, soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar, mas'ullar faqat quruq hisobot bilan cheklanayotgani, ba'zan bu hisobotlar ochib ham ko‘rilmayotganini tanqid qilgan.
«Biz eksport bilan importni hisob-kitob qilishni o‘rganmaganmiz. Olib kelgan odam olib kelavergan, kim qo‘l qo‘ysa qo‘l qo‘yavergan.
Bozor topish azob deganim bekorga emas. Bozorni kim topadi? Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqargan davlat, albatta, kon'yuktura qanchalik og‘ir bo‘lmasin, sifatli mahsulot bilan o‘z bozorini topadi.
Agar eksport bilan importni har kuni hisob-kitob qilmas ekanmiz, biz oldimizga qo‘ygan vazifalarimizni hech qachon uddalay olmaymiz. Bugundan boshlab hamma vazirlar, bankirlar, assotsiatsiyalar, hokimdan boshlab prezidentgacha hamma eksport ko‘paytirish, pirovardida importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlarning haqqoniy holatini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz shart. Agar biz shuni o‘zimiz tanqidiy ko‘rib chiqmas ekanmiz, biz uchun hech kim qilib bermaydi.
Nega? Mana, ikki oy o‘tyapti, iqtisodiyot ertaga nima bo‘ladi, degan savolga javob esa yo‘q. Na Vazirlar Mahkamasi, na Tashqi savdo vazirligi, na Iqtisodiyot vazirligi yoki Davlat bojxona qo‘mitasi respublikaga kirib kelayotgan mahsulotlar importi tahlil qilinmagan, qaysi mahsulot qancha miqdorda va qanday narxlarda ekani o‘rganilmagani, bu haqda o‘ylab ham ko‘rilmagani haqiqat va bu menga noma'qul narsa.
Joylarda qaysi hokim va sohaga mutassaddi rahbarlar o‘z hududiga kirib kelayotgan yoki korxonalar import qilayotgan mahsulot bilan qiziqayapti? Hech kim. Bunday bo‘lsa ertaga bizning iqtisodiyotimiz nima bo‘ladi? Nima uchun Navoiy viloyati hokimi, NKMK yoki Navoiyazot korxonasi chetdan kirib kelayotgan import hajmini bilmaydi yoki qiziqmaydi?
Umuman, eksport va import masalalari bilan shug‘ullanishda faqat oy yoki kvartal tugaganidan keyin nomiga hisobot berish bilan cheklanib qolingan. Bu hisobotlarni tahlil qilish yoki tegishli choralar ko‘rish uyoqda tursin, ochib ham o‘qilmagan. Ushbu sohada nazorat butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, desak, bu ham to‘g‘ri.
Hukumatning qaysi kompleksi yoki idorasi import va eksport hajmiga ta'sir etayotgan omillarni tahlil qilyapti? Afsuski, hech kim bu masala bilan shug‘ullanmayapti.
Jumladan, 2017 yilda importni 1,81 milliard dollarga qisqartirish rejasi 951 million dollarga bajarilgan (88 foiz - tahr), 1 yilda import hajmi keskin - 403 million dollar yoki 55 foizga oshib ketgan.
Misol uchun, bir yilda 20 million dollarlik kir yuvish kukuni, 13 million dollarlik atir sovun, 49 million dollarlik qurilish materillari va sintetik bo‘yoqlar, 23 million dollarlik shokolad. Shunga investitsiya qilsa bo‘lmaydimi?
Bu holat o‘tgan yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarining hech qanday asoslarga ega emasligini, faqatgina ko‘zbo‘yamachilik va imtiyoz olish uchun xizmat qilganidan dalolat emasmi?
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Aslida Investitsiya loyihalari ro‘yxatiga ko‘p import qilinayotgan tovarlarni yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar kiritilishi kerak emasmi? Lekin, joylarda va respublikada o‘tirgan noinsof mutasaddilar bu oddiy haqiqatga panja ortidan qaramoqda.
Endi bu boradagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimini joriy etamiz. Paxta klasteri qilganimizdek, eksport tashkil qiluvchi klaster tuzamiz. Unga hamma sharoitlarni yaratib beramiz. Viloyatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligi eksportni ko‘paytirib, importni kamaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Eksportni ko‘paytirmasak, eksport bilan har kuni shug‘ullanmasak, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lmaydi», degan Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
12:50 / 04.11.2024
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi
09:40 / 23.10.2024
O‘zbekistondan Kuvaytga quruq mevalar eksporti hajmi oshiriladi
21:40 / 02.10.2024
Qirg‘iziston O‘zbekiston tufayli go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgani ma’lum bo‘ldi
09:40 / 09.09.2024