Sport | 23:10 / 02.03.2018
20308
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FA talabini bajarmagan «Qo‘qon-1912» Superligadan chetlatiladimi?

Foto: kokand1912.uz

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Superliga mavsumi startigacha o‘z infratuzilmasini tayyor holatga keltirmagan, xususan stadionini ta'mirlamagan klublarning chempionatdan chetlatilishini e'lon qilgan edi.

Chempionat taqvimi tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, O‘FA 2 mart kuni Bekobodda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan «Metallurg» - «Navbahor» o‘yinini 4 martga ko‘chirdi. Bu haqda «Metallurg» rahbariyati O‘FAga murojaat qilib, bekobodlik muxlislarning yakshanba kuni yaxshi hordiq chiqarishini ta'minlashni va stadionni ta'mirlash ishlarini tugatishni maqsad qilganini aytgan edi. Bundan shu narsa ma'lum bo‘ladiki, O‘FA xodimlari ta'mirdan chiqmagan stadionni mavsumga shay deb qabul qilishgan. Vaholanki, agar stadion tayyor bo‘lmasa, «Metallurg» Superligadan chetlatilishi lozim edi.

Mashmasha bu bilan tugamadi. Bugun, 2 mart kuni Superliganing yana bir ishtirokchisi - «Qo‘qon-1912» klubining stadioni ham mavsumga tayyor emasligi aniqlandi.

«Qo‘qon-1912» muxlislar klubi ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘FA va PFLga murojaatnoma yo‘llab, stadionning tayyor emasligini oshkor qilib qo‘yishdi.

«Xurmatli O‘FA va PFL mutasaddilari! 

O‘FA tashabbusi bilan «Qo‘qon-1912» stadioni yangi qiyofaga kirayotganligi minglab qo‘qonliklarni xushnud etayapti. Afsuski, stadionimizdagi qurilish ishlari «Qizilqum» bilan o‘yinda 8000 nafar muxlisni to‘liq stadionga kirishiga to‘siq bo‘layapti. Qo‘qon futbol vatani, shu munosabat bilan PFL klub rahbariyatining «Qizilqum» bilan Qo‘qonda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvini Navoiyga ko‘chirish taklifini o‘rganib chiqib, uni qo‘qonlik muxlislar foydasiga hal qilsa. 31 mart kuni bulib o‘tadigan tur o‘yinida yangilangan stadionimizni ochilish marosimini haqiqiy bayram tarzida o‘tkazsak» - deyiladi murojaatda.

Murojaatdan quyidagi narsalar aniq bo‘ladi:
1. «Qo‘qon-1912» rahbariyati 10 mart kuniga belgilangan 2-tur doirasidagi «Qizilqum»ga qarshi o‘yinni Qo‘qonda emas, Navoiyda o‘tkazish taklifini bergan.
2. Bunga sabab sifatida, Qo‘qondagi stadionda ta'mirlash ishlarini tugatilmagani ko‘rsatilgan. Qo‘qonliklar uni 31 mart kunigacha yakunlashga umid qilmoqdalar.

Xulosa chiqaradigan bo‘lsak, «Qo‘qon-1912» klubiga Muborakning «Mash'al» va Quvasoyning «Tsementchi» klublariga o‘xshab, Superligada ishtirok etish huquqini bermaslik kerak edi. Chunki, klubning uy stadioni yangi mavsumga tayyor holatda emas.

Sardor Yusupov

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid