Sport | 15:40 / 04.03.2018
17902
2 daqiqa o‘qiladi

Yengilmas Uaylder navbatdagi jangda ham nokaut bilan g‘alaba qozondi

© AP Photo/Frank Franklin II

Amerikalik bokschi Deontey Uaylder superog‘ir vaznda WBC kamarini himoya qildi. Nyu-Yorkdagi boks kechasida kubalik Luis Ortisga qarshi 12 raundlik jangda u 10-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi.

Ushbu bokschilar jangni o‘tgan yil noyabridayoq o‘tkazishlari kerak edi, ammo Ortis doping-testdan o‘tmadi va diskvalifikatsiya qilindi. O‘shanda Uaylder kanadalik Bermeyn Stivernga qarshi ringga chiqib, birinchi raunddayoq uni nokautga uchratgandi.

Uaylder Ortisni 5-raundda nokdaun holatiga tushirdi. Ammo 7-raundda uning o‘zi kuchli zarbani o‘tkazib yubordi va polga qulashiga bir baxya qoldi, gong chalinib qolgani uni qutqardi. Sakkizinchi raundni u boy berdi, to‘qqizinchi raundda esa tashabbusni o‘ziga qaytardi. 10-raundda Uaylder kubalik bokschini ikki bor nokdaun holatiga tushirdi va referi jangni to‘xtatdi, amerikalik bokschi hisobiga texnik nokaut bilan g‘alaba yozildi.

Ayni vaqtda 32 yoshda bo‘lgan Uaylder professional ringda mag‘lubiyatsiz davom etmoqda - 40 g‘alaba, shundan 39tasi nokaut bilan. Amerikalik bokschi yettinchi marta jahon chempioni kamarini muvaffaqiyat bilan himoya qildi. 38 yoshli Ortis uchun bu faoliyatidagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi, shu vaqtgacha u 28 jangda 28 g‘alaba (24 - nokaut) qayd etgandi.

Bu jang uchun Uaylder 2,1 mln dollar ishlab oldi, Ortisning ulushi 500 ming dollar.

Britaniyalik jahon chempioni Entoni Joshua (WBA va IBF) hamda yangi zelandiyalik Jozef Parker (WBO) o‘rtasida 31 mart kuni Kardiffda jang bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid