Jahon | 22:08 / 05.03.2018
12289
2 daqiqa o‘qiladi

“Oskar” taqdimoti reytingi eng past ko‘rsatkichlarga tushib ketdi

Foto: Life.ru

“Oskar” taqdimotining ilk 3 soatiga asoslangan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilda taqdimotning reytingi 2017 yilga nisbatan 16 foizga tushib ketdi. Yakuniy hisob-kitobdan keyin ko‘rsatkichlar yanada pasayishi mumkin.

2017 yilda “Oskar” topshirilishi marosimi umumiy hisobda 32,9 mln tomoshabinni o‘ziga torta olgan. Bu 2008 yilgi eng past ko‘rsatkichdan keyingi past natija bo‘lgan. 2008 yilda “Oskar”ni 31,8 mln kishi tomosha qilgan.

Oxirgi yillar ichida eng ko‘p tomosha qilingan “Oskar” 2014 yilgisi hisoblanadi. Shundan keyin marosimni reytingi keskin pasaya boshlagan. Ko‘rinishicha, joriy yilgi marosim ham bu salbiy trendni davom ettiradi.

Bunday past ko‘rsatkichlarga ikkita narsa ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Birinchidan, intriga bo‘lmagan, ikkinchidan, marosimni qatorasiga ikkinchi yil bir boshlovchi – Jimmi Kimmel olib bordi. Asosiy nominatsiyalarda “Dyunkerk” va “Nari ket” filmlarining borligi ham vaziyatni saqlab qololmadi.

Joriy yilda bosh “Oskar”ga meksikalik rejissyor Gilermo del Toroning “Suv shakli” filmi loyiq topildi. 

“Eng yaxshi aktyor” yo‘nalishida “Oskar” aktyor Geri Oldmenga “Qorong‘i davrlar” filmidagi Uinston Cherchill roli uchun taqdim qilindi.

“Eng yaxshi aktrisa” yo‘nalishida “Oskar” Frensis Makdormandga “Ebbing chegarasidagi uch bilbord” filmidagi roli uchun topshirildi.

“Eng yaxshi rejissura” uchun mukofot “Suv shakli” filmi rejissyori Gilermo del Toroga berildi.

Mavzuga oid