Jamiyat | 13:48 / 06.03.2018
47709
4 daqiqa o‘qiladi

Yaxshilik uchun erkaklarda kuch qolmadimi?

Yaxshilikda ma'no ko‘p. U tavbadan keyin gunohlarni yuvishda, inson hayotini barakali qilishda, savob yig‘ishda, eng muhimi, o‘ziga ham ming marta ko‘p yaxshilik qaytishiga sababchi bo‘ladi. Yaxshilik qilgan inson jaydari tilda tushuntirganda, bir o‘q bilan ikki quyonni uradi: dunyoviy hayotini nurga to‘ldiradi, oxirat saodatiga erishadi. Ammo bu tushunchani ikkinchi darajali hisoblovchi, shundoq ham oqibatsiz dunyoda bir-biriga yanada mehrsizlik qilayotgan, beparvo kishilar hayot yo‘llarida uchrab turadiki, ularning borligi emas, ko‘payayotganligi kishini o‘yga toldiradi.

KUN.UZ tahririyatining ijodiy jamoasi ma'lum murojaatlarni o‘rganish maqsadida vodiyga yo‘l olganidan xabaringiz bor. Safar tugab, poytaxtga qaytayotganda bir hodisaga guvoh bo‘ldik. 

Foto: Ma'ruf Asqarov/KUN.UZ

Gap shundaki, yo‘lda ketayotganimizda birdan qor yog‘ishni boshladi. Ikkita tunnel oralig‘ida qor yog‘ishi avjiga chiqdi. Shunda yo‘l chetida “Jiguli” mashinasi to‘xtab qolgani, uni yoshi ulug‘ o‘zbek ayollari itarib, yurdirishga urinishayotganining guvohi bo‘ldik. Ularning soni uch nafar edi. Shoshilgancha yordamga tushdim, ustimdagi kurtkam mashinada qoldi. Ikki marta tepadan pastga qarab harakat qilib ko‘rdik, bo‘lmadi: chunki yer qor bilan qoplangan, bu sharoitda mashinani o‘t oldirish amri-mahol edi. Xullas, bu muammoni hal qilish uchun yoki evakuator, yoki tross kerak edi.

Foto: Ma'ruf Asqarov/KUN.UZ

Bir payt qarasam, o‘zimiz ham qor ostida qoladigan. Jamoamizdagilar bilan nima qilishni bilmay qoldik. Shunda tunnel oldidagi askarlarda ratsiya bo‘ladi, ular yordam chaqirishlari mumkin, degan xayolga bordik va ular tomonga yo‘lga tushdik. Yetib borgach, mashinadan tushib, askarlardan biri tomon yugurib ketdim. Bosh kiyimimni bostirib kiyib olganim uchunmi, askar mendan xavfsiradi (o‘zining ishida) va qo‘lidagi qurolini mahkam ushlagancha, maqsadimni so‘radi. Vaziyatni anglagach, “bo‘ldi, boravering, rahmat”, dedi va yordam chaqirishga ketdi.

Foto: Ma'ruf Asqarov/KUN.UZ

Ayollarga yordam kelgani-kelmagani menga qorong‘i, ammo bir narsa juda alam qildi. Shunday og‘ir holatda, qor gupillab yog‘ib turgan sharoitda, buning ustiga tog‘li hududda qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollarga hech kim yordamga oshiqmasdi. Yon-atrofda biror zog‘ uchramaganda ham bunchalik o‘pkalamasdim. Ammo atrofdan mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tib turardi va haydovchilarning deyarli 99 foizi erkaklar. Aslida, yaxshilik, muruvvat qilish jins, millat, ma'lumot talab qilmaydigan fazilat. Biroq yordamga muhtojlarga ko‘mak berish o‘zbek erkagining muhim fazilati emasmi? Yoki bu narsa ham bizga yot bo‘lib qoldimi? Balki birovlarga yaxshilik qilish uchun erkaklarda kuch qolmayotgandir?..

Ma'ruf Asqarov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid