O‘zbekiston | 10:50 / 08.03.2018
84864
3 daqiqa o‘qiladi

2019 yil 1 yanvaridan so‘ng eski pasportda xorijga chiqish mumkinmi?

2019 yil 1 yanvaridan o‘zbekistonliklar chet mamlakatlarga chiqishlari uchun xorijiy pasport olishlari talab etiladi. Xo‘sh, bu vaqtga kelib, xorijiy pasport olmagan fuqaro chet elga chiqmoqchi bo‘lsa qanday yo‘l tutadi? KUN.UZ muxbirining shu va boshqa savollariga XPK sessiyasida oydinlik kiritildi. 

IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Badriddin Shorisqiyev 2019 yil 1 yanvar kuni xorijga chiqmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar hozirgi biometrik pasportlarida muddati o‘tmagan stikerlari bo‘lsa, xorijga chiqishlari mumkinligini bildirdi.

Badriddin Shorisqiyev.Foto: KUN.UZ

 “Basharti 2019 yil 1-2 yanvarda xorijga chiqmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlikda yangi xorijga chiqish pasporti bo‘lmasa, u hozirgi biometrik pasport bilan, muddati o‘tmagan stikeri bo‘lsa, O‘zbekistondan chiqa oladi. Chunki, hozirgi biometrik pasportimiz ham xalqaro andozalarga to‘la javob beradi”, - Badriddin Shorisqiyev.

 KUN.UZ muxbirining “uyushmagan yoshlar” iborasining huquqiy izohi bormi, degan savoliga IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Dilshod Akramov javob berdi.

Dilshod Akramov. Foto: KUN.UZ

“Haqiqatdan ham ayni vaqtda “uyushmagan yoshlar” iborasining huquqiy izohi berilmagan. Bugungi kunda “uyushmagan yoshlar” masalasiga oydinlik kiritish uchun Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Yoshlar Ittifoqi bilan hamkorlikda maxsus elektron dastur tayyorlanmoqda.  

Shundan so‘ng, har bir yosh fuqaroning elektron ro‘yxati shakllantiriladi. Ular ijtimoiy hayotning qaysi sohasida bandligi, tahsil olayaptimi, ishlayaptimi, belgilab boriladi. Mana shunday tahlildan keyin yoshlarning nima bilan bandligi borasida umumiy tasavvur paydo bo‘ladi. Ayni vaqtda esa, “uyushmagan yoshlar”ni kimlar tashkil qilishi mavzusi kun tartibidan olingani yo‘q. Elektron dastur ishga tushirilishi bilan shu iboraga aniqlik kiritish choralarini ko‘ramiz”, - dedi Dilshod Akramov.

Mavzuga oid