Jamiyat | 16:45 / 08.03.2018
24185
3 daqiqa o‘qiladi

Asakalik bog‘bon: «Daraxtlar ham mening jigarlarim»

Ijodiy jamoamiz Farg‘ona vodiysiga safar davomida Andijon viloyatining Asaka tumani Arg‘in qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan Mash'al Xushvaqtovning xonadonida mehmon bo‘ldi.

Mash'al aka mana 10 yildirki bog‘dorchilik ilmi bilan shug‘ullanib kelmoqda. U tarbiyalagan nihollar ayni paytda yurtimizning turli go‘shalarida qiyg‘os gullashga tayyor bo‘lib turibdi.

Foto: Kun.uz

Asli kasbi filolog-pedagog bo‘lgan Mash'al akaning aytishicha, bog‘dorchilikka qiziqish uning qonida bor. Ko‘p yillar davomida maktabda yoshlarga ta'lim berib kelgan, Mash'al Xushvaqt taxallusi ostida she'rlari ham qator gazeta va jurnallarda e'lon qilingan ijodkor bugun bobo kasbi bilan ham astoydil shug‘ullanmoqda.

Mash'al aka tinim bilmaydi. O‘z hovlisidagi bir parcha yerdagi daraxtlar orasiga ham turli mevalar urug‘ini qadagan.

«Yaxshi niyat» fermer xo‘jaligi dalalarida nihol yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan Mash'al akaning aytishicha, tuman hokimligi hozirgi islohotlar davrida ilgari surilayotgan yangidan-yangi g‘oyalarga labbay deb javob berib, qadimdan yurtimizda mavjud bo‘lgan sarxil mevalar navlarini ko‘paytirish, eksportbop mevalar yetishtirish uchun nihollar yaratish maqsadida Mash'al akaning o‘ziga alohida yer ajratib, barcha sharoitlarni hozirlab berishni va'da qilgan.

Foto: Kun.uz

Fermer xo‘jaligida turli-tuman mevali bog‘lar bilan bir qatorda, ko‘chat yetishtirib sotish yo‘lga qo‘yilgan. Biz yetishtirilgan ko‘chatlarni qazib olish ishlari olib borilayotgani ustidan chiqdik, hattoki ularni xarid qilishga kelgan xaridorlarni uchratdik.

Foto: Kun.uz

Mash'al aka ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol, «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida «Bog‘dorchilik ilmi» ochiq guruhini yuritmoqda. Ayni paytda guruhning 18 ming 300 dan ortiq a'zosi bor.

Ushbu guruhda nafaqat ko‘chatlarni yetishtirish, parvarishlash bo‘yicha fikrlar almashiladi. Shuningdek, jahonda bog‘dorchilik, dehqonchilik va nabobot olamida ro‘y berayotgan yangiliklar berib boriladi, muhokama etiladi.

Albatta, bu ishlarning barchasi yurtimizda bog‘dorchilikni rivojlantirish uchun baholi qudrat qo‘yilayotgan qadamlardan biri sanaladi.

Mash'al aka, Kun.uz muxbirlariga intervyu berar ekan, o‘zining qilayotgan ishlari, amalga oshirishni mo‘ljallayotgan rejalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, o‘zi yozgan she'rlaridan birini Kun.uz o‘quvchilariga in'om etdi.

Youtube.com da ko‘rish

Mover.uz da ko‘rish (tas-ix)

Sh.Shokirjonov, X.Daliyev, E.Ermatov, M.Asqarov.

Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid