O‘zbekiston | 14:00 / 09.03.2018
35180
3 daqiqa o‘qiladi

Muzokaralar kengaytirilgan tarkibda davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishdi. 

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, unda rasmiy delegatsiyalar a'zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlari, chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va sa'y-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘ini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Tashrif doirasida shunga oid shartnomaning imzolanishi nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun mintaqa hayotida tarixiy voqea bo‘ladi.

Fuqarolar bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, chegaradan o‘tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklangani, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnov ochilgani ham hamkorlikning muhim amaliy natijalaridir.

Muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 240 million dollarni tashkil etgani qayd qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta'kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ikki mamlakat bozorida xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berishni ko‘paytirish, savdo-logistika tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, zamonaviy qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.

Transport va tranzit tashuvlari sohasi ham hamkorlikning strategik yo‘nalishidir. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini oshirish uchun birgalikda zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Mintaqa suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, shuningdek, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhoqama etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga davlat tashrif bilan kelishni taklif etdi.

Mavzuga oid