Jamiyat | 20:25 / 09.03.2018
20196
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor nom tanlashda nimalarga e'tibor qaratishi kerak?

Foto: AP

O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish allaqachon kunning dolzarb mavzusigi aylanib ulgurdi. Mazkur ustuvor yo‘nalishni amalga oshirishda tadbirkorlarning o‘rni muhim hisoblanadi. Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5278-son Farmonini ijro etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy bo‘limlari faoliyati tashkil etildi. Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan aholiga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etilishida amaliy-huquqiy ko‘maklar berib kelinmoqda. 

KUN.UZ muxbiri ham mazkur xizmatlar qay darajada amalga oshirilayotganini bilish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tuman Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurdi. Mirzo Ulug‘bek tuman Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi tadbirkorlar yuridik shaxs sifatida shaxsan onlayn tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tayotib ba'zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganini va eng muhimlaridan biri sifatida nom tanlashda e'tibor berishi kerak bo‘lgan masalalarni sanab o‘tdi. 

Tadbirkorlar yuridik shaxsga nom tanlashda “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonun, Fuqarolik kodeksining 46-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2633-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek, undan hosila so‘zlarni qo‘shish tartibi to‘g‘risi”dagi yo‘riqnomalarga e'tibor qaratishi lozimligini aytib, quyidagilardan foydalanish mumkin emasligini ta'kidladi:

- tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxsning firma nomi tashqarisida davlatning rasmiy nomidan, shuningdek, undan hosila so‘zlar (“O‘z” affiksi va “O‘zbek” so‘zi);

- respublika bo‘yicha firma nomi adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga o‘xshash bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar mavjud bo‘lganda;

- davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotning qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;

- tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

- firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste'molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;

- jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar, so‘zlar ko‘rsatilmasligi kerak;

- ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega bo‘lgan firma nomlari;

- ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

- belgilangan tartibda hammaga ma'lum deb e'tirof etilgan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

- belgilangan tartibda qonun hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan tovarlar kelib chiqqan joylarning nomlari bilan, shunday nomdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno.

Maxsus muxbir Solijonov Z.U.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid