Sport | 07:49 / 12.03.2018
7112
7 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun MBA jamoalari boshqa ligalar klublaridan tezroq qimmatlashmoqda?

Foto: AP

Fevral oyidagi kotirovkalarning qulashi jahon fond bozorlaridan 4 trillion dollarni yo‘q qildi, biroq Milliy basketbol assotsiatsiyasi (MBA) jamoalari bundan jabrlandi, deb o‘ylamang. Forbes MBAning eng yirik teleshartnomasi, Xitoyga ekspansiya va yangi reklama loyihalari - dunyoning asosiy basketbol ligasi qanday pul topayotganiga doir maqolasini taqdim etdi

2018 yilda franshizaning o‘rtacha narxi rekord darajadagi 1,65 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilgi raqamlarga qaraganda 22 foizga ko‘pdir. So‘nggi 5 yilda esa MBA jamoasi narxi uch baravarga qimmatlashdi. Tarixda birinchi marta har bir jamoa (ular jami - 30 ta) 1 milliard dollarga baholanmoqda. MBA iqtisodiyoti joyida, uning xalqaro istiqbollari esa Amerikaning boshqa sport ligalariga qaraganda ijobiy ko‘rinish olgan. 

Endi MBA franshizasi Milliy futbol ligasi(MFL)dan qimmatga baholanuvchi dunyo aqldan ozgan kishining safasatasi emasligi ayon. Sarmoyachilarning fikricha, basketbol ligasi chet elda o‘sish uchun katta salohiyatga ega - AQShdan tashqarida MBA daromadlari yil sayin oshib bormoqda, e'tiborli tomoni - o‘sish ko‘rsatkichlari shunchaki mikrofoizlarga emas. 

Ha, MFL franshizasining o‘rtacha qiymati 2,5 milliard dollarni tashkil qiladi, bu basketbol ko‘rsatkichlaridan 52 foizga ko‘pdir, biroq so‘nggi besh yilda oradagi farq ikki baravardan ko‘proqqa qisqardi. «Bruklin Nets» va «Xyuston Rokets» o‘rtasidagi shartnomalar MBA jamoalarini sakkiz barobar yillik daromadga baholamoqda, MFL franshizalari qiymati esa - olti barobarga yaqinroq. 

"MBA xalqaro o‘sish uchun ajoyib pozitsiyalarga ega, - deb hisoblaydi Galatioto Sports Partners moliyaviy-konsalting kompaniyasi rahbari Sel Galatioto. - Liga ajoyib mahsulotni taklif qilmoqda, basketbolga bo‘lgan qiziqish esa butun dunyo bo‘ylab o‘sishda davom etmoqda".

Masalan, Xitoyda 300 millionga yaqin kishi basketbol o‘ynaydi. 2015 yilda MBA mahalliy Tencent kompaniyasi (mamlakatdagi mashhur messenjerlar va ijtimoiy tarmoq egasi) bilan o‘z platformalarida liga o‘yinlari va boshqa kontentlarni namoyish qilishga doir besh yillik shartnomani imzolagan. Kelishuv MBAga 800 million dollardan ortiq daromad keltirishi kerak, hamkorlikni davom ettirishga doir muzokaralar esa boshlanib bo‘lgan. Liga Xitoyda 34 media va marketing-hamkorga ega, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilari soni - 144 million - bu boshqa har qanday sport turiga nisbatan ko‘p.

MBA 10 yil ilgari NBA China loyihasini yo‘lga qo‘ygandi, endi esa u 4 milliard dollardan ortiqqa baholanadi. Liga komissar o‘rinbosari Mark Tatum bu borada shunday deydi: "Biz biznesning barcha jabhalarida - u xoh kontentni kengaytirish bo‘ladimi, homiylikmi yoki merchandayzing - o‘sish ko‘rsatkichlarini namoyish qilmoqdamiz".

Bu MBAning yaqinda berilgan raqamlarini tasdiqlaydi. Basketbol franshizasi sotuvlariga doir muzokaralar o‘n xonali sonlardan boshlanadi, istiqbolli mintaqadagi jamoa esa 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ keltirishi mumkin. 2017 yilning oktabrida liga «Xyuston Rokets» xaridini qo‘llab-quvvatladi: amerikalik milliarder Tilman Fertitta klub uchun rekord darajadagi 2,2 milliard dollar summani kiritdi. Biroq «Bruklin Nets» bo‘yicha shartnoma yaqin orada bu raqamlarni ortda qoldirishi kutilmoqda. Mixail Proxorov klub aksiyalarining 49 foizini tayvanlik ishbilarmon, Alibaba internet-kompaniyasi hammuassisi Jozef Tsayga sotadi. Narx masalasi borasida 2,3 milliard dollarga kelishilgan. Shartnoma jamoa o‘z o‘yinlarini o‘tkazuvchi Barclays Center arenasini o‘z ichiga olmaydi, biroq Tsayga 2021 yil oxiriga borib «Nets» nazorat paketini sotib olish huquqi taqdim etilmoqda. 

MBA biznesi ichki bozorda ham ancha muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Liganing 2014 yilda start berilgan Time Warner’s TNT va Walt Disney’s ESPN bilan 9 yillik teleshartnomasi (24 milliard dollarlik) yillik to‘lovlar hajmi bo‘yicha o‘tgan galgi shartnomadan uch karra  daromadliroqdir. Yirik telebitim MBAning yuqori kredit reytingini mustahkamlaydi, bu zayomlar bo‘yicha xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

O‘yinchilarning maykalarida reklama logolarini aks ettirishga doir dastlabki loyiha (hozircha uch yilga mo‘ljallangan) favqulodda muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi: 19 jamoa o‘rtacha yillik stavkasi 9 million dollar bo‘lgan homiylik shartnomalarini imzoladi. Natija — liga uchun 200 million yangi daromad, shuningdek basketbol uchun yangi hamkor-kompaniyalar (Rakuten, Harley-Davidson va Squarespace kabilar).

MBAning eng qimmat franshizasi reytingida uchinchi marta ketma-ket «Nyu-York Niks» klubi yetakchilik qilmoqda. Uning qiymati bir yilda 9 foizga oshdi va hozirda 3,6 milliard dollarni tashkil qilmoqda. «Los-Andjyeles Leykerz» mavsumma-mavsum mag‘lub bo‘lmoqda, lekin mahalliy translyatsiyalardan yiliga 150 million dollar olishda davom etmoqda (boshqa hududlardagi jamoalar buning ortidan 15 karra kam pul topadi) va ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni (3,3 milliard dollar) egallamoqda. 2018 yilda uchinchi o‘ringa «Golden Steyt Uorriorz» jamoasi chiqdi. Ushbu mavsumda klub chiptalar narxini 25 foizga oshirdi, shunday bo‘lsa-da, muxlislar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Chiptalar tariflari 2019 yilda ham o‘sadi, zero bu vaqtga kelib 1 milliard dollarlik Chase Center arenasi ochiladi. 

O‘yinchilarning oshib borayotgan maoshlariga qaramay, MBA jamoalari aksariyatining buxgalteriyasi daromadni qayd etmoqda. 

MBAning tipik franshizasi 2016-2017 yil mavsumi yakunlari bo‘yicha 52 million dollarlik operatsion daromadga ega bo‘lgan, bu 2015-2016 yilgi mavsum ko‘rsatkichlariga nisbatan 68 foizga yuqori demakdir, uch jamoa esa («Niks», «Leykerz» va «Uorriorz») 100 million dollardan ortiq pul ishlab olgan.

Mavzuga oid