Bugun Amerika va Isroil Eronga qarşi boşlagan uruşning 15-kuni. Uruş nega davom etayotgani, amerikaliklar özi nima istayotgani tuşunarsiz. Tramp uruşda ğolib bölganini e’lon qildi. Lekin ğalaba nima degani? Eron Amerika bilan döst bölib qoldimi? Isroilni yöq qiliş da’vosidan voz keçdimi? Yöq, albatta. Menimça, Tramp Eronga qarşi uruş xato bölganini tuşunib böldi. Şu sabab özini muzaffar sarkardadek körsatişga urinmoqda.

Razvedka nima deydi?

Amerika uruş davomida heç qanday maqsadiga erişmagani haqida gapirgandik. Keling, bu borada aniq faktlarga töxtalamiz. Reuters öz manbalariga tayanib yozişiça, Amerika razvedkasi Eronda tuzum qulaganining heç qanday asoratini körmagan. Razvedkaçilar Eronda boşqaruv amalda özgarmagani, tuzum hamon aholi ustidan töliq nazoratga egaligiga e’tibor qaratgan. Yana takrorlayman, bu bizning gapimiz emas, amerikalik razvedkaçilar kelgan xulosalar.

Reuters manbalariga köra, isroillik mulozimlar ham uruş Eronda hukumat özgarişiga olib kelmasligini tan olgan. Naşr bilan suhbatlaşgan manbalarga köra, Amerika va Isroilda Eron amaldagi boşqaruv tizimini ağdariş böyiça heç qanday reja yöq.

Uruş qançaga tuşdi?

Eronga qarşi uruş Amerika ğaznasiga qimmatga tuşdi. Amerikalik senatorlar Tramp ma’muriyati vakillari tomonidan ötkazilgan yopiq brifingda «Xöş, janoblar, ayting-çi, mister Trampning uruşi bizning soliq tölovçilarga qançaga tuşyapti?» deb söraşdi. Devondagilarning aytişiça, uruşning dastlabki olti kuni uçun 11,3 milliard dollar sarflangan. Xususan, birinçi ikki kundagi intensiv bombalaş uçun 5,6 milliard dollarlik öq-dori işlatilgan.

Tramp saylov kampaniyasi davomida budjet pullarini tejaşga e’tibor berişini aytgan, tepasiga Ilon Maskni qöyib, butun boşli «pul tejovçi departament» ham tuzgandi. Bir haftada 11 milliard dollarlik öq-dorini maqsadsiz otib yuboradigan bölsa, bunaqa pul tejaşdan nima foyda hayronman.

Taniş ritorika

Tramp keçagi çiqişida «AQŞ Eron ustidan ğalaba qozongani», hammasi kutilganidan ança oson keçganini aytdi: «Menga operatsiya nomini tanlaş uçun bir neçta variant berişdi. Qarasam ular orasida «Epik ğazab» degani ham borakan, qanday ajoyib, menga yoqdi! Bu juda ajoyib nom, agar jangni yutsak. Biz yutdik, birinçi soatlardayoq yutib bölgandik. Barçasi biz öylagandan osonroq keçdi».