Sport | 15:40 / 14.03.2018
24623
12 daqiqa o‘qiladi

Joze uchun jazo: «MYu»ni ag‘dargan 4 sabab

Har xil o‘yinlar bo‘ladi, misol uchun, mag‘lub tomon haqida fikr bildirganda, balki mana bu vaziyatni golga aylantirganda, balki mana bu yerda omadi kelganda o‘yin boshqacha yakunlanishi mumkin ekanini aytamiz. Shunchaki o‘yin ssenariysi pand bergan bo‘ladi, boshqacha jarayonda balki boshqacha natija imkoni mavjudligini bilib turamiz. Ya'ni, agar «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynayotgan «Bazel» bo‘lmasangiz, har qanday YeChL pley-off o‘yinida, har ikki jamoada g‘alaba uchun imkoniyat bo‘ladi. Ammo, agar «Manchester Yunayted» «Sevilya» bilan o‘yinda yutish uchun biror nima qildimi, deb so‘ralsa, bemalol «yo‘q», deb javob berish mumkin. Bir qator omillar tufayli, Manchester jamoasi har tomonlama o‘zidan kuchsiz sanalgan va Ispaniyada muammolarga duch kelayotgan «Sevilya»ga qarshi hech narsa qila olmadi.

EKSPeRIMeNTLAR
«Bunday futbolchilarni sotib olish imkoniyati bo‘lsa, foydalanish kerak» – degandi, aslida qishki transferlarni yoqtirmaydigan Joze Mourino Aleksis Sanches haqida. Sanches kabi futbolchilarning yangi jamoaga moslashishlari, shu bilan birga, jamoaning Sanchesga moslashishi oson kechmayapti. Kechagi o‘yinning aynan shu eksperimentlar davriga to‘g‘ri kelgani ham «MYu» zarariga ishladi.

Mourino doim maydonga eng yaxshilarni tushirishi va yaxshi natija berayotgan tarkibda u qadar rotatsiya qilmasligi bilan tanilgan. Ammo hozir u o‘z prinsiplariga qarshi bormoqda. Chap qanotda Reshford va Marsiyalning o‘zaro raqobati yetmagandek, Sanchesni ham o‘sha yerda sinashga va yosh hujumchilarni boshqa pozitsiyalarga «haydash»ga majbur bo‘linyapti.

Foto: Twitter

Eng yomoni, bu chuqurga bilib turib bir necha marotaba tushilayotganidir. «Tottenhem» bilan o‘yinni avvalgi o‘yinlarda yaxshi formaga kirib olgan Marsiyal Sanches tufayli  o‘ng qanotda boshlagandi va 2-bo‘limda yana chap qanotga qaytarilgandi. Mourino uchun bu yetarli bo‘lmadi, «Nyukasl»da ham eksperimentlar davom etdi. «Chelsi» bilan o‘yinda chap qanotda Reshford mavsumdagi o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazgach, nihoyat Mourino barchasini tushunganini taxmin qilgandik. Lekin, yo‘q, «Sevilya» bilan o‘yinda Sanches yana chap qanotda, Reshford esa, samaradorligi sezilarli tushib ketadigan o‘ng qanotga o‘tkazib yuborildi. Sanchesga o‘zi yoqtirgan pozitsiyasida o‘ynatish uchun, ishlab turgan sistemani buzish to‘g‘ri edimi?

Pol Pogba yoki Maktomini haqida ham shu gap. Mourino Maktominini «Chelsi» va «Liverpul» bilan o‘yinlardagi ajoyib harakati uchun maqtadi, ammo YeChL o‘yinida kechagina tiklangan Fellaynini tanladi. Zaxirada qolgan Pogba esa, ikkinchi bo‘limda hujumni kuchaytirish uchun tushirildi, ammo u doim foydaliroq bo‘ladigan oldingi chiziqqa emas, aynan Fellaynining o‘rniga.

Foto: Twitter

Mehmonlarning dastlabki goli ham aynan maydon markazidagi bo‘shliq tufayli yuzaga kelganiga e'tibor bering. Mourino Pogba hech qachon Kante bo‘lmasligini nihoyat tan olish o‘rniga, hali ham, mavsumning eng qizg‘in pallasida, pley-off o‘yinida six ham, kabob ham kuymaydigan optimal tarkib qidirib yurishi qachondir biror mag‘lubiyatga sabab bo‘lishi aniq edi.

O‘ZIGA O‘ZI QOPQON
Safardagi gol qoidasi juda xavfli qoida. O‘z maydonida darvozasini daxlsiz saqlagan jamoa javob o‘yinida yaxshigina ruhiy ustunlikni qo‘lga kiritadi. E'tibor bergan bo‘lsangiz, kechagi o‘yinning oxiri yaqinlashgan sari, mezbonlarda bosim osha boshladi, chunki, endi, «Sevilya»ning har bir goliga ikki gol bilan javob berishga to‘g‘ri kelardi.

Shunday ekan, birinchi o‘yinda imkon qadar gol urish talab etilar edi. Mana shunday xavfli vaziyatga tushmaslik uchun, Sevilyada «MYu» gol urishga intilishi shart edi. Mourino bemalol 0:0 uchun o‘ynashga urindi va bu hisob o‘zi uchun qoniqarli ekanini yashirmadi. Mana oqibat.

Foto: BBC

«Chelsi» va «Liverpul» ustidan g‘alabalar Mourinoning muhim duellar ustasi, har qanday vaziyatga strategik yondashib, bahslarni yutib ketadigan buyuk taktik sifatida namoyon qilgandek bo‘ldi, lekin aslida, bu portugaliyalik murabbiyning zarariga ishladi. Safar o‘yinlari natijasiga ko‘ra, Yevropaning eng yomon klublaridan biri, Ispaniya chempionatida allaqachon 42 gol o‘tkazib ulgurgan, so‘nggi yillardagi eng yomon davrini o‘tkazayotgan «Sevilya»ni yutish uchun «shaxmat o‘ynash» shart emas edi. «Sevilya» darvozasiga «Atletiko»ni qo‘ya turaylik, «Eybar», «Betis», «Spartak» kabi jamoalar ham beshtadan gol urishganini unutmaylik. Kuchli tarkib bilan, sal yuqori bosim ostida o‘z o‘yinini qilish orqali, «Manchester Yunayted» bemalol bu jamoadan o‘ta olardi nazarimda.

Montella qandaydir kutilmagan yurishlar bilan Mourinoni qiyin ahvolga solib qo‘ymadi. Aksincha, Mourinoning o‘zi hisob-kitoblarning asiriga aylanib qoldi, deyish mumkin.

Foto: BBC

ChARChOQ
«Sevilya» uch kun oldin «Valensiya»ga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushdi. Ammo tan olish kerak, so‘nggi 20 kunda juda qiyin 4 o‘yinni o‘tkazgan Mourino jamoasining jismoniy holati pand bergan bo‘lishi tabiiy. «Sevilya»ga safar, «Chelsi» va «Liverpul» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olti ochkolik o‘yinlar, «Kristal Pelas»ga qarshi sarflangan katta energiya o‘z so‘zini aytdi. Valensiya, Yang, Lukaku, Sanches, Matich, Smolling kabi futbolchilar bu o‘yinlarda to‘liq harakat qilishlariga to‘g‘ri keldi. Pogba, Marsiyal, Fellayni, Jons kabi futbolchilarning katta-kichik jarohatlari murabbiyga yetarlicha rotatsiya qilish imkonini bermadi.

Umuman, gap rotatsiyada ham emas, APLdagi o‘yinlar qaysidir ma'noda YeChL pley-offidan ham muhimroq, chunki o‘sha o‘yinlardagi salbiy natija jamoani kuchli to‘rtlikdan tashqariga uloqtirishi hech gap emas edi. «Manchester Yunayted» dastlabki sinovlardan yaxshi o‘tdi, lekin a'lo darajada o‘ynab, barcha quyonni ovlash uchun tarkib ham, salohiyat ham, energiya ham yetarli emasdi, balki.

RAQIBDA BOSIMNING KAMLIGI
Ispan jamoalari bahorga borib juda xavfli bo‘lib qolishadi. «Real» va «Barselona» shundoq ham kuchli tarkibga ega, alohida o‘yinlarda turnir masalasini hal qilish kerak bo‘lsa, ulardan xavflisi yo‘q. O‘z navbatida, boshqa klublar haqida ham aytish mumkin, «Sevilya» bo‘ladimi, «Selta»mi, «Vilyarreal»mi mavsumning shu pallasiga kelib, juda xavfli raqibga aylanishadi.

Foto: Champions League

Sababi, ichki chempionatdan deyarli barcha savollarga javob topilgan, bor imkoniyatini yevrokuboklarga qaratish imkoniyati bor. Ayniqsa, La-Ligani muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan va buning uchun hamma tanqidni eshitib, murabbiyni almashtirishga ulgurgan «Sevilya» uchun YeChL bir bonus, ayniqsa, «MYu» kabi yiliga yuz millionlarni «ko‘rdim demaydigan» jamoadan mag‘lub bo‘lish u qadar sharmandalik emasdi. Montella ham o‘zini juda xotirjam tutdi, «Old Trafford»ni maqtadi, 1/8 final ham shogirdlari uchun zo‘r natija ekanini qayd etdi va raqib xatolarini kutib o‘tiraverdi. Vazifani uddalamaslikdan haddan ziyod qo‘rqib yuborgan va to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng, YeChL pley-offda ilk bor maydonga tushgan «MYu»ning o‘zi g‘alabani tortiq qilib yuboraqoldi. Tan olish kerak, so‘nggi to‘rt yilda uch marta yevrokubok finalida o‘ynagan klub qanday ahvolda ekanidan qat'i nazar bunday sovg‘alardan voz kechmaydi.

Qaysidir ma'noda, o‘tgan yili Yevropa Ligasi yarim finalini eslash mumkin. APLda bor imkoniyatini sovurgan «Manchester Yunayted»ning bor umidi o‘sha turnirda g‘alaba qozonish bo‘lib qolgandi. «Selta» esa kamtarona tarzda, bosimsiz harakat qilgan va sal bo‘lmasa, «Old Trafford»da 2:1 hisobida yutib, finalga chiqib ham ketardi. Yon Gvidettining no‘noqligi «MYu»ni finalga olib chiqqandi. Aslida tarkib va salohiyat borasida «Selta» o‘tgan yilgi «MYu»ning yoniga ham kela olmasdi.

XULOSA
Agar vaziyatga sal teparoqdan qarasak, «Manchester Yunayted»ning YeChLda g‘olib chiqish imkoniyati juda kam edi. Mourino jamoalari doim pley-offda xavfli ekani aytilsa-da, menimcha, unday emas. Ayniqsa, bugungi «MYu» alohida sparringlar uchun tayyor, deb aytish juda qiyin. Angliyadagi barcha top o‘yinlarda, hatto «MYu» g‘alaba qozongan o‘yinlarda ham, o‘yin borasida jamoa raqibiga ko‘p jihatlardan  boy berganini ko‘rdik. Yevropada yanada xavfli raqiblar borligini e'tiborga olsak, «non yo‘q» edi.

«Sevilya»dan mag‘lubiyat, tanlangan qo‘rqoq taktika, o‘yin oxirlaridagi ayanchli holat muxlislar qalbida og‘riqli xotira sifatida iz olishi turgan gap, lekin real qaraganda, bu vaziyatning ham yakunida «MYu» hech narsa yo‘qotmasligi mumkin.

Katta ehtimol bilan, ichki chempionatda o‘z ochkolarini olgan «Manchester Yunayted» 2-o‘rinni egallagan holda, aytaylik, YeChL chorak finalida zo‘r o‘yin ko‘rsatib, yutqazib qo‘ygan «Liverpul»ni qo‘li bilan ko‘rsatadi va ulardan yuqori turganini aytib, maqtanar, kim biladi. Lekin undan haqiqiy g‘alabalar kutishayotganini e'tiborga olsak, bu nomerlar kelasi mavsumda o‘tmasa kerak. «Old Trafford» faqat turnir jadvali va ko‘zga tashlanmaydigan hisob-kitoblardan tashqari, yorqin g‘alabalarni ham sog‘ingan.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid