Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bobomurod Abdullayev ishi. U ozod qilinadimi?
O‘zbekistonda jurnalist Bobomurod Abdullayevning qamoqqa olinishi va uzoq vaqt davom etgan tergov jarayoni O‘zbekiston sharoiti uchun xos bo‘lmagan tarzda katta rezonansni keltirib chiqardi.
U 2017 yilning 27 sentabrida uyidan olib ketilgan, 1 oktabr kuni Yunusobod tuman sudi uni 10 kun muddatga hibsga olish haqida qaror chiqargandi.
Usmon Haqnazarov taxallusi ostida xorij nashrlarida chiqishlar qilgan jurnalist O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi 4-qismi bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) ayblangan.
Keyinroq, oktabr oyida uning sheriklari sifatida Hayotxon Nasriddinov, Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov qo‘lga olingan.
«Usmon Haqnazarov» taxallusi bilan siyosiy maqolalar internet nashrlarida 2003 yildan paydo bo‘lgan. Muallif bunday maqolalarida O‘zbekistondagi korrupsiya holati va siyosiy repressiyalar haqida yozgan. Bobomurod Abdulla taxallusida ham ijod etgan jurnalist oxirgi yillarda qalami o‘tkir sport jurnalisti sifatida tanilgandi.
Jurnalist hibsga olingach, dastlabki haftalardayoq tergov jarayonida qiynoqlar qo‘llangani haqidagi xabarlar yuzaga chiqdi. Fevral oyida Human Rights Watch rasmiy saytida O‘zbekiston hukumatidan jurnalistning qiynoqqa solinishi o‘rganilishi so‘ralgan maqola e'lon qilindi. Unda inson huquqlarini himoya qiluvchi boshqa tashkilotlar, xususan, Amnesty International, Freedom Now, Article 19, Freedom House, Markaziy Osiyo inson huquqlari assotsiatsiyasi (The Association for Human Rights), Fuqaroviy huquqlar himoyachilari (Civil Rights Defenders), Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (The Committee to Protect Journalists), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti (Internation Partnership for Human Rights), Norveg Xelsinki qo‘mitasi (The Norwegian Helsinki Committee), Chegara bilmas jurnalistlar (Reportes Without Borders), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro o‘zbek-nemis forumi (The Uzbek-German Forum for Human Rights) O‘zbekiston hukumatini «jurnalist Bobomurod Abdullayevga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar yuzasidan xolisona va mustaqil tekshiruv o‘tkazish»ga chaqirdi.
Fevral oyi oxirida Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha mart oyida sud ishi boshlanishi ma'lum qilindi. 7 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligi va xalq maslahatchilari ishtirokida Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan sud ishi jinoyat ishlari bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi.
Ochiq tartibdagi sud majlisida sudlanuvchilarning qarindoshlari va yaqinlaridan tashqari, xalqaro kuzatuvchilar, jamoatchilik tashkilotlari vakillari, xorijiy axborot agentliklari va mahalliy nashrlarning jurnalistlari ishtirok etishdi.
Sud jarayonida so‘z olgan sudlanuvchining advokati Sergey Mayorov sudyaga tergov izolyatorida mijozi bilan uchrashganida uning tergovda qiynoqqa solingani haqida ma'lumot olganini aytib, sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi va ushbu iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirildi.
Sergey Mayorov Bobomurod Abdullayev bilan u qo‘lga olinganidan buyon Milliy xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ikki marta uchrashgan.
Bobomurodov Abdullayev advokatiga «MXX xodimlari uni bir necha marta qiynoqqa solib, urishgani, tan jarohatlarini yetkazishgani, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qo‘llab, u sodir etmagan jinoyatlarni amalga oshirganini tan olishga majburlangani, hatto boshqa shaxslarga nisbatan yolg‘on ko‘rsatmalar berishga erishishganini aytib bergan. Advokat bu tafsilotlarni O‘zbekiston bosh prokurori nomiga yuborgan iltimosnomasida ham ko‘rsatib o‘tgan.
Bobomurod Abdullayev advokatining so‘zlarini tasdiqlaydi va kiyimini yechib, badanining yuqori qismidagi chandiq va ko‘karishni ko‘rsatadi.
Advokatning ma'lumotiga ko‘ra, «Abdullayevni o‘ng qo‘lidan kishanlab, chap qo‘liga urishgan va hujjatlarga qo‘l qo‘yishing uchun o‘ng qo‘ling bizga kerak», deyishgan».
Bobomurod Abdullayev Bosh prokurorga arizada o‘zini urib, qiynoqqa solgan MXX xodimlari ism-shariflarini keltirgan. U shu munosabat bilan ularga nisbatan jinoiy ish ochishni so‘ragan. Uning aytishicha, tergov izolyatorida uni 39 kun mobaynida qiynashgan, 27 sentabrdan 5 noyabrgacha. Shundan keyin qiynoqlar to‘xtagan.
Shundan so‘ng, sudyalar O‘zbekiston Prezidenti 2017 yil 30 noyabrda imzolagan «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga tayangan holda advokat iltimosnomasini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi va tan jarohatlari, ularning xarakteri va og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasini tayinladi.
Bugun, 15 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov bo‘yicha ishni ko‘rish davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
15:14 / 25.10.2020
«Bu siyosiy pora emas» – Bobomurod Abdullayev o‘ziga uy berilishida hech qanday shart qo‘yilmaganini aytdi
18:27 / 23.10.2020
Bobomurod Abdullayevga xorijga chiqish pasporti topshirildi
00:01 / 23.08.2020
Bobomurod Abdullayev onasining iltimosini inobatga olgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
10:55 / 22.08.2020