Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Skripal ishi bo‘yicha bayonot berdi
Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi tufayli surishtiruv ishlari borasida bayonot berdi. Mamlakat bosh vaziri Tereza Meyning ta'kidlashicha, ular «Novichok» nomli harbiy turdagi asab-falajlovchi modda bilan zaharlangan.
“Rossiya davlati tomonidan Birlashgan Qirollikka qarshi bu kuchning noqonuniy qo‘llanilishi Yevropa, jumladan Qrim va Donbassda, Ukraina, hamda undan tashqarida Rossiya davlatining tizimli tajovuzkorligi fonida ro‘y bermoqda. Bu tajovuzkorlik keng qamrovli hamda qat'iy javobni talab qiladi”, - deyiladi bayonotda.
Avvalroq, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey parlamentdagi eshituvlar davomida Buyuk Britaniya rossiyalik 23 nafar diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishi haqida ma'lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Britaniyaga Skripal ishi bo‘yicha ishonch tug‘dira oladigan javob taqdim etmagan.
Shuningdek uning ma'lum qilishicha, britaniyalik yuqori mansabli amaldorlar va qirollik oilasi a'zolari Rossiyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga bormaydi. Britaniya Rossiya bilan muloqotni butunlay uzishdan manfaatdor emas, biroq mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi, deya ma'lum qildi Tereza Mey. Buyuk Britaniya Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga Londonga tashrif buyurish bo‘yicha yuborilgan taklifnomani bekor qildi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga tegishli xususiy samolyotlarni tekshirishni kuchaytiradi, shuningdek, Birlashgan Qirollik xavfsizligiga tahdid haqida ma'lumot paydo bo‘lsa, barcha davlat aktivlarini muzlatib qo‘yadi.
“Milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan oshkor etilmasligi ham mumkin bo‘lgan boshqa choralar ko‘riladi, biroq Rossiya tomonidan provokatsiyalarga to‘qnash kelsak, ulardan foydalanishga tayyormiz.
Shuningdek ta'kidlab o‘tish joizki, tegishli choralardan birortasi ham xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni uzishga yo‘naltirilmagan. Bizda Rossiya xalqi bilan hech qanday qarama-qarshilik yo‘q. Biroq Rossiya hukumati xatti-harakatlaridan britaniyaliklar hamda Buyuk Britaniya rezidentlari hayotiga tug‘ilayotgan tahdidlarga shunchaki qarab tura olmaymiz. Biz Rossiya tomonidan xalqaro majburiyatlarning qo‘pol tarzda buzilishiga ham ko‘z yuma olmaymiz”, - deyiladi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya TIV rahbari Skripalning zaharlanishiga Rossiya aloqadorligi bo‘yicha rad etib bo‘lmaydigan dalillar borligini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
14:28 / 16.11.2024
Buyuk Britaniyada firibgarlarni aldovchi “neyron buvi” ishga tushirildi
20:45 / 12.11.2024
Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi
18:15 / 12.11.2024
Buyuk Britaniya mudofaa ehtiyojlari uchun yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarishni qayta tiklashi mumkin
19:02 / 10.11.2024