Jahon | 08:35 / 20.03.2018
6218
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yevropa Ittifoqidan va'da qilingan 3 mlrd yevroni so‘ramoqchi

Foto: Haberturk

Anqara Bolgariyaning Varna shahrida o‘tadigan Yevropa Ittifoqi-Turkiya sammitida yevropalik sheriklaridan migratsiya inqiroziga qarshi kurash uchun va'da qilingan 3 mlrd yevroni so‘ramoqchi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqaradagi chiqishida ma'lum qildi.

“Ular (yevropalik sheriklar) 3 mlrd yevro haqidagi ikkinchi transh haqida to‘xtamay gapirishadi. Biroq biz hali birinchi transhni olganimiz yo‘q. Va'da berdingizmi, unda bering va bizni laqillatishni bas qiling. Biz bu masalani Varnadagi sammitda ko‘taramiz”, deb aytgan Erdo‘g‘an. Erdo‘g‘an 26 mart kuni Varnada bo‘lishini va Yevropa Ittifoqi oldida pullar ajratilishi masalasini yana qo‘yishini qo‘shimcha qilgan.

2016 yil 17-18 martdagi YeI-Turkiya sammitida Bryussel va Anqara Yevropaga migratsiya oqimini qisqartirish choralarini ko‘zda tutuvchi kelishuvni imzolagan. O‘shanda YeI Turkiyaga 3 mlrd yevrodan ikki marta jami 6 mlrd yevro ajratish majburiyatini olgan. 2018 yil 14 martda Yevrokomissiya 2017 yil oxirida mablag‘larning birinchi qismi to‘liq ajratilgandan keyin, ikkinchi transhni safarbar qilishni boshlashini ma'lum qilgan.

Biroq Erdo‘g‘anning aytishicha, ayni vaqtda Turkiyaga va'da qilingan mablag‘lardan faqatgina 850 mln yevro olingan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid