O‘zbekiston | 14:23 / 24.03.2018
14601
3 daqiqa o‘qiladi

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini hukumat ta'minlaydi

Foto: Norma.uz

«Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.

Ma'lumot uchun: qonun loyihasi ishlab chiqilishi Prezidentning 16.01.2018 yildagi «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5303-son Farmoni bilan nazarda tutilgan.  

Taqdim etilgan qonun loyihasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi ushbu sohada qanday vakolatlar va javobgarlikka egaligi ko‘rsatib o‘tiladi.
 
Birinchidan, Vazirlar Mahkamasi fuqarolarning oziq-ovqat bilan to‘laqonli ta'minlanish huquqlarini kafolatlaydi va davlatning oziq-ovqat xavfsizligini, shu jumladan:

•  mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining zarur darajada ishlab chiqarilishini;
•  ichki va tashqi salbiy omillar ta'siridan qat'i nazar, davlat oziq-ovqat zaxirasi mavjud bo‘lishi, yangilanishi va to‘ldirilishini;
•  davlatda ishlab chiqariladigan va fuqarolarga sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari sifatining davlat standartlari tizimi talablariga muvofiqligini ta'minlaydi.

Ikkinchidan, loyiha bilan respublikaning oziq-ovqat mustaqilligini ta'minlash uchun javobgarlik Hukumat zimmasiga yuklatilgan. Bir yilda mamlakatda ishlab chiqarilgan hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlarining hajmi ovqatlanishning fiziologik me'yorlariga muvofiq aholi yillik ehtiyojining kamida 80%ini tashkil etganda, u ta'minlangan deb hisoblanadi. Ya'ni tarkibi va hajmlari bo‘yicha aholi oziq-ovqat ratsionining asosini tashkil etuvchi oziq-ovqat mahsulotlari importining ulushi 20%dan oshmasligi kerak. 

Uchinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va oziq-ovqat bozori ustidan davlat nazorati sohasidagi tegishli nazorat funksiyalari ham nazarda tutilmoqda.

Bunda umuman mamlakat bo‘yicha va mintaqalar kesimida oziq-ovqatning zaruriy va haqiqatda ishlab chiqarish darajalari muvozanatiga asoslanib, oziq-ovqat bozori ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi uni ham har yili tuzadi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid