Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qishloq ahli masjid buzilganidan norozi: Yerni xarid qilgan tadbirkor haqmi?

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi Buktaroy qishloq fuqarolar yig‘ini, Sarmijon MFY, Qo‘rg‘on qishlog‘ida yashab kelayotgan fuqarolardan tahririyatimizga shikoyat arizasi kelib tushdi.
Biz vaziyat bilan tanishish, fuqarolarning da'vosini joyida o‘rganish, manfaatdor tomonlar va davlat hokimiyati organlarining voqeaga nisbatan munosabati va izohini bilish uchun Qo‘rg‘on qishlog‘ida bo‘ldik.
Voqeaning qisqacha tafsiloti shunday:
Qo‘rg‘on qishlog‘ida umumiy yer maydoni 200 kvadrat metr bo‘lgan, 17 bolorli imoratdan iborat, qishloq ahlining janoza va hayit namozlari o‘qiladigan, mayitlarni qabristonga eltuvchi tobut va murdasho‘ylar ishlatadigan mayyit yuviladigan uskunalar saqlanadigan, hashar yo‘li bilan bunyod etilgan choyxonasi bo‘lgan. Qishloq aholisining bizga bildirishlaricha, ushbu yer maydoni 1985 yilda kolxoz hududidan qishloqqa ajratib berilgan va qishloq ahli jamoatchilik asosida undan foydalanib kelgan.
Buni Google Earth xaritasidan 2006 yil 21 oktabrda olingan suratdan ham ko‘rib olishimiz mumkin. Qizil fonda belgilangan o‘sha obekt qishloq ahli masjid deb da'vo qilayotgan joy.
Tabiiyki, qishloq ahlining bu joyga hech qanday hujjati bo‘lmagan. Aslidayam, hamma birdek foydalanadigan joyga hujjatning nima keragi bor. Hujjat yerning, imoratning egasiga kerak. Ega esa shu qishloq ahli.
Qishloqda 2011-12 yillar chamasi namunali loyihalar bo‘yicha uylar quriladi. Masjid deb atalayotgan hudud buzib tashlanmaydi, atrofi qo‘shimcha yerlar bilan ochiq qoldirib ketiladi: 200 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan masjid va unga yondosh hududlar jami 551 kv.m.ni tashkil etadi. Buni Google Earth xaritasidan 2012 yil 5 iyulda olingan suratdan ham ko‘rish mumkin.
Ushbu hududdagi masjid Google Earth’da so‘nggi marta tushirilgan surat — 2016 yil 1 oktabr kuni ham mavjud bo‘lgan.
Endi voqealarning boshqa tomondan rivojlanishiga e'tibor bering.
G‘ijduvon tuman hokimligi 2013 yil 16 avgust kuni ushbu yer maydonining 350 kv.m.dan iborat qismini tanlov savdolariga uch bo‘lib chiqaradi. Hududdagi 7-uchastka — 100 kv.m (dorixona qurish uchun), 8-uchastka — 100 kv.m (savdo do‘koni qurish uchun) va 9-uchastka — 150 kv.m (maishiy xizmat ko‘rsatish punkti qurish uchun) auksionda sotiladi. Yer uchastkalarini «Suvon Qurbon quvonchi» fermer xo‘jaligining vakili shu tumanning Labiro‘t qishlog‘ida istiqomat qiladigan Qurbonova Lobar tanlovda yutib oladi va unga 2016 yil 27 oktabrda (savdolardan uch yil o‘tib!) G‘ijduvon tuman hokimligining qurilish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi 1338, 1339, 1340-qarorlari qabul qilinadi.

Qo‘rg‘on qishlog‘i ahlining da'vosiga ko‘ra, 551 kv.m. yer maydonidan 350 kvadrat metri sotilgan, lekin deyarli 33 yildan beri qishloq ahli foydalanib kelayotgan 200 kv.m. yuzaga ega masjid emas. Qo‘rg‘onliklarning xavotiriga ko‘ra L.Qurbonova qo‘lga kiritgan yerga uning turmush o‘rtog‘i Dilmurod Qurbonov butun qishloq ahliga tazyiq o‘tkazib, masjidni buzib tashlab, yer maydonining qoq o‘rtasidan 350 kv.m. joyga maishiy xizmat ko‘rsatish binosini qurmoqda.
Boz ustiga, ushbu yer maydoniga tanlov hech kimga e'lon qilinmasdan o‘tkazilgan, auksion savdolariga D.Qurbonov va uning rafiqasi L.Qurbonova qo‘yilgan, xolos va ular o‘zaro til biriktirib, yerni arzon-garovga xarid qilishgan. (Masalan, o‘sha 1,5 sotix yer 1,1 million so‘mga olingan). Qo‘rg‘onliklarning da'vosiga ko‘ra, agar auksion halol o‘tganida shu qishloq ahli tadbirkorlari ham qatnashar edi.
Qo‘rg‘onliklarning aytishicha, maskali maxsus kuch ishlatar xizmat vakillari kelib, masjid ichiga yig‘ilib, uning buzilishiga monelik qilmoqchi bo‘lgan qishloq ahlini kaltaklab haydagan.
Qishloq ahlining da'vosida jon bor: D.Qurbonov ushbu qishloqda istiqomat qilmaydi, ular bilan o‘lik-tirigi bir emas, bu yerdagi masjid buziladimi, qabriston buziladimi, uning ishi yo‘q, albatta. Qurilish ishlari tugagach, bino kadastr qilinadi va sotib yuboriladi. Bo‘ldi, qishloq ahli 33 yil foydalanib kelgan choyxona-masjidsiz qoladi.
Qishloq aholisi mayyitlarga janoza endi ko‘chalarda o‘qilayotgani, marhumlarni so‘nggi yo‘lga eltuvchi tobut, narvon, yuvish taxtasi kabi narsalar qishloqliklardan birining uyida turganini aytishdi.
Qo‘rg‘on ahli biz bilan suhbatda o‘z dardlarini doston qilayotgan bir paytda fermer D.Qurbonov ham kelib qoldi va o‘zining vajlarini ayta ketdi. U yerni halol tanlovda qo‘lga kiritgani, 200 kv.m. yerni qishloqliklar borib hokimdan so‘rashi kerakligini aytib, tadbirkor ekani va bu yerda ishchi o‘rinlarini yaratishini ta'kidladi.
D.Qurbonov maishiy bino yon tarafdagi namunali uylarga yopishtirib qurilmaganiga sabab qilib, ushbu inshoot maishiy xizmat ko‘rsatish uyi ekani, o‘t o‘chirish xizmati uchun zaxira yo‘lak qoldirilganini aytib o‘tdi. Adolat yuzasidan tan olish kerak, D.Qurbonov o‘zi qurayotgan inshootdan bitta xonani qishloq ahliga choyxona uchun ajratishini, o‘sha xonaga yondosh maydonda bostirmali ayvon qurib berishini, bularning barchasini o‘z hisobidan amalga oshirishini ham aytib o‘tdi.
Xullas, Afandining latifadagi «bu mushuk bo‘lsa go‘sht qani, bu go‘sht bo‘lsa mushuk qani?» degan gaplari esga tushadi, beixtiyor. O‘zi o‘sha 350 kvadrat metr maydon 5,5 sotixning aynan qayeridan sotilgan? Jami maydon 551 kv.m. maydon bo‘lsa, masjid 200 kv.m. bo‘lsa... mantiqan o‘ylab qaralganida ham, masjidning joyi va hovlisi tashlanib, qolgan joyga qurilish qilinishi kerak emasmidi?

Axir yer maydoni alohida uchga bo‘lib sotilgan, uni bir kishi emas turli uch kishi alohida-alohida ham xarid qilishi mumkin edi-ku?! Hozir uchta yer maydonini ham bir kishi qo‘lga kiritgani uchun yaxlit loyiha bo‘yicha qurilish qilinyapti. Dorixona uchun ajratilgan 100 kv.m yer uchun qo‘rg‘onliklardan biri ham tanlovda da'vogar bo‘lgani haqida D.Qurbonovning o‘zi aytdi. O‘ylab ko‘ring, agar tanlovda turli uch kishi yutganida nima bo‘lardi?
Xo‘sh, o‘sha aytilgan binolarni masjid atrofidagi 350 kv.m. yer maydonida tiklash mumkin emasmidi? Bemalol mumkin edi! Tanlovga tikilgan uch xil binoni namunali uylarga taqab, «G» shaklida, biri biriga xalaqit bermaydigan qilib joylashtirish mumkin edi. Mana shu holatda six ham, kabob ham kuymasdi.
Umuman, bizga taqdim etilgan hujjatlarda tanlovga tikilgan yer maydonlari qay tariqa o‘lchangani, aynan qayer sotilgani haqida biror sxemani uchratmadik. Jami 551 kv.m. yer maydoni ichiga 350 kv.m.ni bemalol joylashtirish mumkin.
Bizga taqdim etilgan fuqaro Qurbonova Lobarga tegishli 150 kv.m maydonda qurilishi kerak bo‘lgan maishiy xizmat ko‘rsatish punktining 2013 yil 6 noyabrda tayyorlangan, G‘ijduvon tuman arxittektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Jalolov tomonidan imzolangan arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (ART) ga ko‘z yuritamiz. ARTning 2-bo‘limi — Yer maydonining hudud tarhidagi joylashuvida tanlangan yer maydoni:
- shimoldan — namunaviy uy joylar bilan;
- janubdan — ichki yo‘l bilan;
- sharqdan — Buxoro – Toshkent M37 avtomobil yo‘li himoya qismi bilan;
- g‘arbdan — namunaviy uy joylar bilan chegaralangani aytilgan.
Lekin bunday chegaradagi yer 551 kv.m. yer maydonini to‘liq qamrab oladi. 150 kv.m. maydon sanab o‘tilgan obektlarning biri bilan albatta chegaradosh bo‘lolmaydi. Oddiy geometriya!
G‘ijduvon tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Jalolovning imzosi turgan ikkita vaziyat rejasiga ko‘zimiz tushdi. Har ikkisida masjid deya da'vo qilinayotgan 2,0 sotix hudud belgilangan. Biroq ularning birida «masjid» deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, ikkinchisida «zaxira yeri» ekanligini qayd etilgan.
ARTning 9-, buziladigan bino va inshootlar hamda mavjud binolardan foydalanish bo‘limida «Maydonda buziladigan va ko‘chiriladigan inshootlar mavjud emas», deb ko‘rsatilgan, holbuki masjid bor edi va u ikki oy muqaddam norozi qishloq ahliga nisbatan kuch ishlatilib, buzib tashlangan.
Darvoqe, buzish uchun biror sud qarori yo‘q. Bunday ishlar aslida MIB tomonidan amalga oshiriladi, maskali maxsus qo‘shinlar bilan emas.
Qo‘rg‘onliklarning tuman hokimi, tuman prokuraturasi, viloyat hokimiyat, prezident virtual qabulxonasiga bu borada yozgan arizalari «yer maydoni tanlovda halol yo‘l bilan, qonuniy sotib olingan», degan bir xil vaj bilan yopib kelinmoqda.
Biz G‘ijduvon tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahriddin Ergashev bilan uchrashib, ushbu masala yuzasidan izoh so‘raganimizda u ham D.Qurbonov rafiqasi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi nomiga yer maydonlarini tanlov orqali qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgani, bu yer tuman hokimligining zaxira yeri hisoblanib kelingani, qishloq aholisi uchun masjid 500 metr naridagi qabriston yaqinida joylashgani va faoliyat ko‘rsatayotganini, janoza namozi o‘qish uchun u yerda barcha sharoit borligini ta'kidladi. Ammo hokim o‘rinbosari ham 551 kvadrat metrdan aynan qaysi qismidan 350 kvadrat metri tanlovga qo‘yilganiga aniqlik kiritmadi.
Voqea 2013 yilda boshlangan. O‘rtada yaxshi-yomon gaplar bo‘lib o‘tgan. Biz qo‘rg‘onliklarga sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilishni, vakolatli organlar yana bir bor tanlovga qo‘yilgan yer tarhi chizmalariga e'tibor qaratishni, o‘sha 551 kv.m. yer maydonidan 350 kv.m. (100+100+150 kv.m) bo‘laklar qay tarzda joylashtirilib tanlovga chiqarilgani, Qo‘rg‘on qishlog‘i aholi masjid deb da'vo qilayotgan 200 kv.m. yer maydoni va u yerda qad ko‘targan 40 kv.m.li uy taqdiri nima bo‘lishi bizga ham qiziq.
Qolaversa, masalaning ma'naviy tarafi ham borki, ko‘pchilik qator yillardan beri foydalanib kelgan joyni sotib yuborish, u yerda inshoot qurib foydalanish yoki qo‘rg‘onliklar da'vo qilishayotganidek, o‘zgaga pullab yuborish ortidan keladigan pullar halol va barakali bo‘larmikan? Ko‘pning qarg‘ishi degan gaplar bor, axir…
Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
Mavzuga oid
18:26 / 20.05.2026
3 qurbon va «nafrat jinoyati» - Kaliforniya Islom markazidagi otishma tafsilotlari
13:20 / 15.05.2026
Turkistonda O‘zbekiston qurgan muhtasham masjid ochiladi
09:17 / 13.04.2026
Turkiyada O‘zbekiston ko‘magida qurilgan “Buxoro” masjidi ochildi
17:30 / 06.04.2026