Jahon | 00:35 / 01.04.2018
6479
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Kosovoni Gulenni qo‘llab-quvvatlashda aybladi 

Foto: AP Photo / Yasin Bulbul/Pool

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Kosovo bosh vaziri Ramush Xaradinayni turk muxolifi Fathulla Gulenni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. 

Avvalroq Xaradinay ichki ishlar vaziri Flyamur Sefay va Kosovo razvedka agentligi direktori Driton Gashini iste'foga chiqardi. Bunday qadamga Kosovodagi “Mexmet Akif” kolleji 6 xodimining Gulen tashkiloti a'zolari hisoblanishlari gumoni bilan hibsga olinishi bo‘lgan.

Anadolu axborot agentligining ma'lum qilishicha, gumonlanuvchilar Kosovo razvedka xizmati ko‘magida Milliy razvedka xizmati xodimlari tomonidan ushlanib, Turkiyaga yetkazilgan.    

“Turk razvedkachilarining harakatlariga javoban Kosovo bosh vaziri ichki ishlar vaziri va razvedka xizmati rahbarini lavozimlaridan olib tashlagani ayniqsa ranjitadi. Kosovo hukumati bu tariqa kimning buyurtmasini bajargan? Qachondan  beri u Turkiyada to‘ntaruvga aloqador kishilarni himoyalay boshladi? Ishonchim komilki, Kosovodagi og‘a-inilarimiz bunday bosh vazirning siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi. Gulenning sheriklari o‘z harakatlari uchun javob beradilar”, deb aytgan Erdo‘g‘an Istanbuldagi chiqishida.    

Erdo‘g‘anning aytishicha, Anqara Kosovoni birodar davlat sifatida qabul qilgan bir paytda Prishtina Turkiyada davlatni to‘ntarishga urinishni tashkillashtirganlar yuzini berkitmoqda.  

Turkiyada 2016 yil 16 iyulga o‘tar kechasi davlat to‘ntaruviga urinish bo‘lib o‘tgan. Mamlakat rahbariyati bunda Gulenning tashkiloti FETO’ni ayblab keladi. Hozirda AQShda yashayotgan Gulen to‘ntaruvni qoralab, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid