Jahon | 20:57 / 05.04.2018
17007
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada nol yevrolik banknota chiqarildi

Foto: Foto: bvz.at

Germaniyada nol yevrolik banknota chiqarilganidan keyin Avstriyaning Ayzenshtadt shahri rahbariyati ham 3 apreldan shunday kupyurani chiqardi. Bu haqda mahalliy OAV ma'lum qildi. 

Yangi kupyura egalari, albatta, u bilan o‘z xaridlari uchun hisob-kitob qila olmaydilar, biroq bu qog‘oz pulda yevro uchun xos barcha himoya darajasi mavjud. Bundan tashqari, nol yevro litsenziyalashtirilgan bosmaxonada bosib chiqarilgan.   

Bunday kupyuradan hammasi bo‘lib 5 ming dona chiqarilgan. Uni Ayzenshtadt shahar ratushasidagi aholiga xizmat ko‘rsatish markazida 3,5 yevroga xarid qilish mumkin.

Avstriya hukumati g‘oyasiga ko‘ra, kupyura sayyohlar uchun ajoyib suvenir va har qanday kolleksioner uchun qiziq bo‘ladi. Banknotaning old tomonida avstriyalik bastakor Yozef Gaydn surati hamda uning asaridan notalar va “Mening tilimni butun dunyoda tushunishadi” yozuvi bor.

“Banknota nafaqat haqiqiy banknota kabi ko‘rinishda, balki haqiqiy banknotadir”, deb ta'kidlab o‘tgan Ayzenshtadt rahbariyati.

Shahar ma'muriyatida ta'kidlanishicha, kupyura sotila boshlangandan keyin unga nafaqat Avstriyada, balki uning tashqarisida ham katta talab paydo bo‘ldi. Dunyoning turli burchaklaridan kolleksionerlar telefon orqali kupyuraga buyurtma bera boshlashgan.

Avstriya yevro pul birligiga 2002 yil yanvarda o‘tgan. Mamlakatda yevrogacha Avstriya shillingi muomalada bo‘lgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid