Jahon | 17:30 / 08.04.2018
6352
2 daqiqa o‘qiladi

Myunsterdagi fojia sabablari aniqlanmadi

Foto: AFP

Germaniya IIV rahbari Xorst Zeyexofer ma'lum qildiki, Myunsterda odamlar ustiga yuk tashuvchi avtomobilni haydab borgan shaxs yolg‘iz harakat qilgan va uning harakatlarida terrorchilik izlari topilmagan. Ayni vaqtda tergov jarayoni davom etmoqda.

«Hozirda ushbu harakat yolg‘iz jinoyatchi, terrorizmga aloqador bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgani tasdiqlangan taqdirda ham tekshiruv ishlari davom etadi», degan u N24 efirida.

Germaniya prokuraturasi ham ushbu jinoyat motivlarini aniqlay olmadi.

«Ayni vaqtda bizda ushbu hodisani izohlaydigan aniq ma'lumot yo‘q. Barcha yo‘nalishlarda intensiv tekshiruv olib borilmoqda», deya qayd etgan prokuratura vakili.

Shanba kuni Myunsterning tarixiy qismidagi restoran hovlisida o‘tirgan odamlar ustiga kichik yuk mashinasi haydaldi. Ushbu hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi.

Avtomashina haydovchisi 48 yoshli Yyens ismli nemis bo‘lib chiqdi. Uning Zauerland shahrida tug‘ilib-o‘sgani, avval mayda jinoyatlari uchun bir necha bor qo‘lga olingani, ruhiy xastalik va joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgani aniqlangan.

Yyens peshonasiga o‘q uzib, o‘zini o‘ldirdi. Jinoyat quroli bo‘lgan mashina uning nomiga rasmiylashtirilgani ma'lum bo‘ldi. Avtomobildan ichida shubhali buyum bo‘lgan sumka topildi, biroq voqea joyiga chaqirilgan sapyorlar portlovchi modda aniqlamadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid