Jahon | 22:46 / 11.04.2018
15732
4 daqiqa o‘qiladi

Freedom House hisobotida O‘zbekiston alohida e'tirof etildi

Freedom House xalqaro tashkiloti dunyoning turli mamlakatlaridagi erkinlik darajasini baholovchi yangi hisobotini taqdim etdi. Unda xalqaro tashkilot Rossiya, Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekistonni erkin bo‘lmagan "avtokratiyalar" deb atadi. Hisobotda bu mamlakatlarda "siyosiy raqiblarga bosim o‘tkazilishi va mustaqil faollar hamda dadil jurnalistlar ta'qib qilinishi" qayd etilgan. 

Shunday bo‘lsa-da, hisobotda O‘zbekistonga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda so‘z erkinligi yaxshi tomonga o‘zgargan va mamlakatda ro‘y berayotgan islohotlarni "yorug‘ dog‘" deb atashgan. 

2017 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 20 yilda birinchi marta erkinlik reytingi ko‘rsatkichlari o‘sgan. 

Foto: Freedom House

"Bu yil Makedoniya, O‘zbekiston va Estoniya "yorug‘ dog‘" sifatida qayd etildi... O‘zbekistondagi muhit 2005 yildan buyon birinchi marta ijobiy tomonga o‘zgargan. So‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘rsatkichlar bo‘yicha bular orasida eng yaxshisi deb topilgan bo‘lsa-da, Estoniyaning ko‘rsatkichlari biryo‘la uch toifa bo‘yicha yaxshilangan", - deyiladi ma'ruzada.

"Hukumat fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilishga ochiqligini namoyish etdi va hatto majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishga izn berildi. Mamlakat shuningdek 2011 yilda o‘z idorasini yopishga majbur bo‘lgan Human Rights Watch delegatsiyasini taklif qildi, ular davlat amaldorlari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashishdi. Xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari mamlakatda o‘z ofisini qayta ocha olmagan bo‘lsa-da, bu borada qo‘yilgan qadamlarning o‘ziyoq - ijobiy ishora", - deyiladi ma'ruzada. 

Bundan tashqari, Freedom House hisobotida O‘zbekistonning ommaviy axborot vositalari ancha ochiq faoliyat yuritayotgani - jonli efirlarning yo‘lga qo‘yilishi, tanqidiy ko‘rsatuvlar namoyishi kuzatilayotgani qayd etilgan. Jurnalistlar majburiy mehnat kabi avval muhokamaga qo‘yilmagan mavzularni ko‘tara boshlashgani, bu ayniqsa onlayn yangiliklar nashrlarida kuzatilayotgani e'tirof etildi. Jurnalist Bobomurod Abdullayev va yozuvchi Nurullo Otaxonovlarga ayblovlar qo‘yilganda ham matbuot uchun muhit yaxshilangani qayd etilgan. 

"O‘zbekistonning qiladigan ishlari hali oldinda. Partiyalar o‘rtasidagi real raqobat tiklanishi kerak, odamlar mavjud imkoniyatlaridan foydalanishi uchun iqtisod erkinlashishi kerak. Oldinda bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan uzoq yo‘l bor, biroq ayni damda O‘zbekiston o‘zgarmoqda va so‘nggi o‘n yillikda birinchi marta uning kelajagi haqida oldindan biror nima deyish qiyin", - deya yakun yasalgan hisobotning O‘zbekistonga doir bo‘limida.

Mavzuga oid