O‘zbekiston | 16:26 / 11.04.2018
17704
3 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda

Illyustrativ foto/additudemag

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator dolzarb qonun loyihalari quyi palataning navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda, deb yozyapti “Xalq so‘zi”.

Xususan, Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida Adliya vazirligi tomonidan prezidentning “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishga kiritishga hozirlik ko‘rilyapti.

Ma'lumki, Farmonga asosan, joriy yil 1 yanvardan Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari prezidentning tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. Shunga ko‘ra, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qo‘mita ishchi guruhi yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi yuzasidan so‘zga chiquvchi mas'ul deputat belgilab olindi hamda uning muhokamasiga jalb etiladigan mutaxassis va ekspertlar guruhi shakllantirildi.

Shuningdek, davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan yana bir qonun loyihasini ham Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritish mo‘ljallanmoqda.

Ushbu hujjat bilan to‘rtta Qonunga, jumladan, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasining Soliq, Byudjyet hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish hamda moliyalashtirishning yangi tartibiga amaldagi qonun hujjatlarining muvofiqlashtirilishini ta'minlashdir.

Qo‘mita ushbu qonun loyihasini quyi palatada ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun ekspertlar guruhini shakllantirib oldi.

Mavzuga oid