O‘zbekiston | 15:02 / 17.04.2018
8413
3 daqiqa o‘qiladi

Qora metallar noqonuniy aylanmasi uchun qanday jarima belgilanadi?

Foto: Shutterstock

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2191-moddasiga kiritiladigan tuzatishlar loyihasi QHTBT portalida e'lon qilingan, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, «O‘zmetkombinat» AJ O‘zbekistonda lom va qora metallar chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) bo‘yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi. Bunda topshirilgan lom va qora metallar chiqindilari uchun hisob-kitoblar kelishilgan, bozor asosida belgilanadigan narxlarda amalga oshiriladi.
 
Ma'lumot uchun: temir va uning asosidagi qotishmalar – po‘lat, cho‘yan va ferroqotishmalar qora metallar hisoblanadi.  
 
Shu munosabat bilan, qora metallarni, ularning parcha va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzganlik uchun fuqarolarga EKIHning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – EKIHning 15 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solish taklif etilmoqda. Ma'muriy huquqbuzarlik ashyosi – qora metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlari musodara qilinadi.
 
Bugungi kunda rangli metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlari noqonuniy oboroti uchun xuddi shunday ma'muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi. Bunda ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin shunday qilmish takroran sodir etilganligi uchun yoxud rangli metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlari bilan bog‘liq hollarda kvalifikatsiya (og‘irlashtiruvchi) belgilari mavjud bo‘lganda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
 
Loyihada Jinoyat kodeksining 185-1-moddasiga qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmagan, binobarin, qora metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish hozircha rejalashtirilmayapti.   
 
Yuqorida tilga olingan javobgarlik chorasi qimmatbaho metallarning muomalada bo‘lish qoidalari buzilganda qo‘llanmaydi, sababi bunday qilmishlar MJTKning 219-moddasi va JKning 185-moddasi bo‘yicha jazolanadi.  
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.   

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid