O‘zbekiston | 22:50 / 17.04.2018
51715
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim sohasi vakillarini shoqollar deb «siylagan» hokim oxirgi marta ogohlantirildi

Bugun, 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta'lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas'uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha marta majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilikni tanqid ostiga olgan bo‘lsa ham, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir necha hokimga hayfsan e'lon qilindi.

Shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun, byudjyet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagan Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayevga shunday hayfsan e'lon qilindi. Bosh vazir Rahmatullayev oxirgi marta ogohlantirilayotganini ta'kidladi.

Andijon shahar hokimi, xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi raisi Dilmurod Rahmatullayev o‘tgan yilning 16 oktabr kuni shahardagi qator ta'lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani ma'lum bo‘lgandi. U maktablar va kollejlar direktorlarini paxtaga yetarlicha odam jo‘nata olmagani uchun «shoqollar» deya haqoratlagan, bu mavzu ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilingan, keyinroq prokuratura tomonidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Sud qarori bilan Rahmatullayev O‘zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarimaga tortilgandi.

Mavzuga oid: Yana direktorlar haqoratlandi. Bu safar Andijon

Shuningdek, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rahmonovga sog‘liqni saqlash, ta'lim sohasi vakillarini ko‘chalarni obodonlashtirish maqsadida o‘z hisoblaridan qimmat gul ko‘chatlarini sotib olishga majburlagani uchun hayfsan hamda oxirgi marta ogohlantirish berilgan.

Andijon viloyati Shahrixon tumani hokimi Hikmatullo Dadaxonovga esa ta'lim tizimi xodimlarini ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, yo‘l chetlariga gul ektirish hamda dala ishlariga muntazam jalb etish holatlariga befarq bo‘lgani uchun hayfsan e'lon qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani hokimi Erkin Boyniyozov tumanda joylashgan 8ta kasb-hunar kolleji xodimlarini fermer xo‘jaligi ishlariga biriktirib qo‘ygani, 2 tonnadan 6 tonnagacha temir-tersak topshirish majburiyatini qo‘ygani uchun hayfsan oldi.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov tumandagi 7ta kasb-hunar kollej pedagog xodimlarini o‘z vazifasiga kirmagan vazifalarni bajarishga majburlanayotgan holatlariga befarq bo‘lgani uchun hayfsan olgan.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi Yo‘lchiboy Boyjigitovga ham ta'lim tizimi xodimlarini ko‘cha tozalash ishlariga, yo‘l chetlariga gul ekish, dala ishlariga muntazam jalb etib kelgani uchun hayfsan e'lon qilindi.

Mavzuga oid