O‘zbekiston | 15:13 / 18.04.2018
21606
4 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyati takomillashtirildi - Prezident qarori

Foto: «Religions.uz»

16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari buyicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ–3668) qabul qilindi.

Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF–5416-son «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari buyicha qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 51 kishidan iborat yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.

Qo‘mita raisiga, zarur hollarda, Qo‘mita tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Qo‘mitaning Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi Qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat olib boradi va unga Qo‘mita raisining o‘rinbosari – Markaz rahbari boshchilik qilishi, Markaz xodimlarining mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari Qo‘mita markaziy apparatining tegishli xodimlari uchun belgilangan razryadlarga tenglashtirilishi belgilab qo‘yildi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari Markaz so‘roviga ko‘ra unga yuklatilgan vazifalar bilan bog‘liq bo‘lgan zarur hujjatlar, statistik va boshqa ma'lumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlar bepul taqdim etilishini ta'minlaydi.

Shuningdek, Qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari buyicha kengashning yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

Kengash Qo‘mita huzurida faoliyat yuritadigan jamoatchilik-maslahat organi hisoblanadi.

Qo‘mita raisi lavozimiga ko‘ra Kengash raisi hisoblanadi. Kengash a'zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi.

Kengash o‘z majlislarida respublika hududlari va xorijiy davlatlardagi diniy-ijtimoiy jarayonlarning joriy holatini, shu jumladan Markaz tomonidan tayyorlangan axborot-tahliliy materiallarning tegishli qismini doimiy ravishda muhokama qilib boradi va natijasiga ko‘ra Qo‘mitaga tavsiyalar beradi. Kengash Qo‘mita tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat olib boradi.

Qo‘mita Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy manzilidagi binoga joylashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:

ushbu qarordan kelib chiqib, 2018 yil uchun tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeta parametrlari doirasida zarur bo‘lgan byudjyet mablag‘larini ajratish, 2019 yildan boshlab esa har yili ushbu mablag‘larni nazarda tutish;

Qo‘mitaning asosli hisob-kitoblari asosida yangi tashkil etilgan tarkibiy tuzilmalar va Markaz uchun zarur bo‘ladigan kompyuter texnikasi, mebel va jihozlar, aloqa tarmog‘i bilan ta'minlash hamda Markaz joylashtiriladigan ma'muriy binoni ta'mirlash uchun mablag‘lar ajratilishini ta'minlash yuklandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita markaziy apparatining tuzilmasi

Prezidentning ushbu qaroriga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan:
1. Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 23 apreldagi 196-son «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004 y, 4-son, 41-modda) 1 va 3-bandlari, qarorga 1-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 yanvardagi 10-son «Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014 y, 1-son, 5-modda) 1-bandi to‘rtinchi xatboshisi va qarorga 3-ilova.

Mavzuga oid