O‘zbekiston | 12:24 / 20.04.2018
9431
5 daqiqa o‘qiladi

Aviatsiya xavfsizligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

MJTKning 116 va 117-moddalariga tuzatish kiritildi, shuningdek aviatsiya xavfsizligini ta'minlashga doir talablarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida yangi modda kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Parvozlar xavfsizligi qoidalarini buzish: tarkiblar ko‘paytirildi javobgarlik oshirildi
 
MJTKning 116-moddasi ilgari ma'muriy huquqbuzarliklarning beshta mustaqil tarkibini o‘z ichiga olgan edi. Unga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarning mohiyati quyidagilardan iborat:

a) ikkita tarkib dispozitsiyasiga tuzatishlar kiritildi.
 
MJTKning 116-moddasi 1-qismiga binoan jarima solinadigan qilmishlarning to‘liq ro‘yxati, - aeroport, aerodrom ma'muriyatining ruxsatisiz pirotexnika buyumlarini yoqish yoxud havo kemalarining uchishi uchun xavfli bo‘lgan va parrandalarning ko‘plab yig‘ilishiga sabab bo‘luvchi obektlar qurish – ancha umumiy bo‘lgan formulirovka bilan almashtirildi. Natijada, aerodrom hududida parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday faoliyatni kelishilmagan holda amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortiladi.
 
Mast holdagi ekipaj a'zolarining havo kemasini boshqarishiga ijozat berish bilan bir qatorda  alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi ta'sirida yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxs tomonidan havo kemasini boshqaradigan yoxud tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaydigan shaxslarning o‘zlari ham MJTKning 116-moddasi 5-qismiga binoan javobgarlikka tortiladi.
 
b) MJTKning 116-moddasi o‘z ichiga olgan ma'muriy huquqbuzarliklarning barcha tarkiblari bo‘yicha sanksiyalar miqdori oshirildi.

v) huquqbuzarlikning qo‘shimcha tarkibi kiritildi (MJTKning 116-moddasi 6-qismi)- Baxtsiz aviatsiya hodisasi deb topilgan hodisani, u haqidagi ma'lumotlarni qasddan yashirish, xuddi shuningdek ushbu hodisa to‘g‘risidagi axborotni qasddan buzib ko‘rsatish, bortdagi va yerdagi obektiv nazorat vositalarining ma'lumotlariga hamda baxtsiz aviatsiya hodisasi bilan bog‘liq boshqa daliliy materiallarga qasddan shikast yetkazish yoki ularni qasddan yo‘q qilib yuborish. Bu holda jarima 50 dan 100 EKIHgachani tashkil etadi.
 
Aviatsiya xavfsizligini ta'minlashga doir talablarni buzish kiritildi

Kodeks aviatsiya xavfsizligini ta'minlashga doir talablarni buzish uchun javobgarlikni nazarda tutadigan yangi modda (MJTKning 116-3-moddasi) bilan to‘ldirildi. Demak, aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tmagan shaxslarni, qo‘l yukini yoki bagajni, yukni, pochtani, bort zaxiralarini yoxud havo kemalarida tashish taqiqlangan moddalarni yoki predmetlarni havo kemasi bortiga yetkazib berish yoki yetkazib berishga ko‘maklashish fuqarolarga 5 dan 10 EKIHgacha, mansabdor shaxslarga esa 10 dan 20 EKIHgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Ushbu modda bilan bir xususiyat bog‘liq. Umumiy qoidaga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga voyaga yetmaganlar komissiyalari tomonidan maxsus ta'sir ko‘rsatish choralari ko‘riladi. Biroq, qator hollarda ularni umumiy asoslarda ma'muriy javobgarlikka tortish va MJTKda nazarda tutilgan jazoni qo‘llash mumkin.
 
Voyaga yetmagan shaxs (16 dan 18 yoshgacha) tomonidan aviatsiya xavfsizligini ta'minlashga doir talablarni buzish bunday hollar sirasiga kiritilgan. Ya'ni, ishning holati va voyaga yetmagan huquqbuzarning shaxsini hisobga olgan holda undan ma'muriy jarima undirilishi yoki materiallarni voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha idoralararo komissiyaga yuborish mumkin.
 
Komandir yoki ekipaj a'zosi aytdimi – muhim emas
 
MJTKning 117-moddasida nazarda tutilgan javobgarlik kengaytirildi. Endi havo kemasi komandiri nomidan ekipaj a'zolari farmoyishlarini bajarmaganlik uchun ham jarima solinadi. Eslatib o‘tamiz,  jarima miqdori – 5 dan 10 EKIHgacha.
 
Ma'lumot uchun: komandirdan tashqari uchish tarkibining (pilot, shturman, bortmuhandis, bortmexanik, bortradist) va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning (bortkuzatuvchi, bortoperator) boshqa shaxslari havo kemasining ekipaj a'zolari hisoblanadi.
 
Ishlarni kim ko‘rib chiqadi
 
Tuzatishlar bilan aviatsiya xavfsizligi sohasida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqli bo‘lgan vakolatli organlar aniqlashtirildi:

MJTKning 116, 1163-moddalari,  117-moddasi 1-qismi va 142-moddasi 1-qismi - Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshliq, uning o‘rinbosari, boshqarmalar va bo‘limlar boshliqlari timsolida;

MJTKning 53-moddasi, 117-moddasi, 121-moddasi 1-qismi, 122-moddasi 2-qismi, 124-moddasi,  144-moddasi 3-qismi, 145-moddasi 1-qismi va 146-moddasi (havo transportida huquqbuzarliklar qismida) – Milliy aviakompaniya bosh direktor va uning o‘rinbosarlari, aeroport (aviakorxona) direktori, aviakompaniyaning bosh inspektori va tibbiyot-sanitariya xizmati boshlig‘i timsolida.
 
Qonun 19.04.2018 yilda kuchga kirdi.

Mavzuga oid