Jamiyat | 16:31 / 23.04.2018
6371
2 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy sud vafot etgan fuqaroning huquqini tikladi

Rustam Abdullayev Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudiga shikoyat ariza bilan murojaat qilib, Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini qonunga zid, deb topishni so‘ragan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sud majlisida R. Abdullayev Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasi mansabdor shaxslari marhum akasi Sh. Abdullayev yashagan Qarshi shahar “Beglar” MFY Muqimiy ko‘chasi 17-uyda elektr hisoblagichining muhri yo‘q deb, 2010 yil 1 dekabr va 2014 yil 19 yanvar kunlari dalolatnoma tuzib jami 1.383.143 so‘m qarzdorlik hisoblangani, akasi 2014 yilda vafot etgan bo‘lsa-da, korxona tomonidan qarzdorlik talab qilinib kelinayotganini bildirdi.  

Sud ishda ishtirok etayotgan taraflarning tushuntirishlarini eshitib, ishdagi hujjatlari bilan batafsil tanishib chiqdi. Aniqlanishicha, Sh. Abdullayev 2014 yil 2 noyabrda vafot etgan. Bundan tashqari shahar elektr ta'minoti korxonasi dalolatnomalariga Sh. Abdullayev tomonidan imzo qo‘yilmagan.

Bunday vaziyatda Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasi xodimlari X. Kenjayev, S. Qoraqulov va B. Xalilovlar nomidan 2010 yil 1 dekabrdagi “03 KSh 005613” sonli va 2014 yil 19 yanvardagi “10207-000672” sonli dalolatnomalar noqonuniy tuzilgan hisoblanadi.

Sud ushbu holatlardan kelib chiqib, Qarshi shahar elektr ta'minot korxonasining dalolatnoma tuzishdan iborat xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topishni va mansabdor shaxsning zimmasiga ushbu dalolatnomalarga asosan hisoblangan jami 1.383.143 so‘m qarzdorlikni hisobdan chiqarish majburiyati yuklashni lozim topdi.

Sud arizachining shikoyat-arizasi qanoatlantirilganligi munosabati bilan mansabdor shaxs - Qarshi shahar elektr ta'minoti korxonasi boshlig‘idan 172.241 so‘m miqdorida davlat boji undirishni lozim topdi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid