Jamiyat | 21:27 / 04.05.2018
27117
4 daqiqa o‘qiladi

Marhumlarga qarzdorlik yozilaveradi. Agar...

So‘nggi kunlarda "O‘zbekenergo" AJ xodimlari tomonidan marhumlarga elektr energiya uchun qarzdorlik yozilgan holatlar aniqlanganligi to‘g‘risidagi ma'lumotni ko‘pchiligimiz o‘qib ulgurdik.

Aslida ayb kimda?

To‘g‘ri, marhumlarga to‘lov qog‘ozi kelishi bu ancha ajablanarli holat. Ammo bu yerda boshqa masala bor. Bizning jamiyatda oila boshlig‘i albatta yoshi katta, ko‘pni ko‘rgan kishilar hisoblanadi. Tabiiyki, xonadondagi barcha qimmatbaho buyumlar uy-joy, mashina va boshqalar - azaliy odatga ko‘ra, oila boshlig‘ining ixtiyorida bo‘ladi. Demak, yashab turgan uy-joyimiz ham ularning nomida. Shuning uchun ham barcha kommunal to‘lovlar uyning bevosita rasmiy xo‘jayini nomiga rasmiylashtiriladi. Bu oddiy haqiqat.

Basharti vaqti kelib, xonadon egasining qazosi yetsa, qonunchilikka ko‘ra, uy-joyga egalik qilish huquqi vasiyat qilingan shaxs yoki o‘zaro kelishuvga asosan qarindoshlardan birining ixtiyoriga o‘tadi. Ana shu holatda uy hujjatlarini qayta rasmiylashtirish xonadonning yangi sohibining majburiyati hisoblanadi. Jumladan, barcha kommunal idoralarni bundan boxabar etish ham shu majburiyatlar sirasiga kiradi. Bu ish o‘z muddatida bajarilmas ekan, yuqorida keltirilgan “ajoyibot”lar nafaqat elektr energiyasida, balki boshqa kommunal to‘lovlarda ham kelib chiqaveradi.

Qars bitta qo‘ldan chiqmagan...

Iste'molchi o‘z fuqarolik majburiyatini bajarmasa, yuqoridagi holatlar yana va yana takrorlanishi shubhasiz. Shunday ekan hamma aybni "O‘zbekenergo"ga ag‘darish ham insofdan emas. To‘g‘ri, tashkilot faoliyatida bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani sir emas. Ayniqsa qishning sovug‘i eshik qoqmay, ta'minotdagi uzilishdan do‘konchi G‘aybulla ham xabardor. Ammo, ish bor joyda xato ham bo‘ladi, tan olib aytish kerakki, o‘tgan mavsumda elektroenergiya bilan bog‘liq muammolar, boshqa kommunal xizmatlar bilan taqqoslaganda, deyarli kam uchradi.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, “O‘zbekenergo” AJ vakillari bilan bog‘langanimizda, bunday holatlarni oldini olish maqsadida butun respublika bo‘yicha barcha aholi iste'molchilari uchun “Elektrohisob” dasturiy kompleksi yo‘lga qo‘yilgani ma'lum qilindi.

Ushbu tizimning asosiy afzalligi shundaki, elektr energiyasi iste'molchilari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mobil telefonlari (SMS-xabar) va Internet tizimi (iste'molchi “Shaxsiy kabineti”) orqali elektr energiyasi iste'moli haqida barcha kerakli ma'lumotlarni olish imkoniyatlari yaratilgan.

Xususan,

- iste'molchi o‘z vaqtida to‘lov qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotni SMS xabarnoma orqali olishi;

-hisobdagi qoldiq miqdorini bilish;

-chiqimlarni nazorat qilish;

- sarf qilingan elektr energiyasining oylik miqdorini bilish;

-eng muhimi iste'molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarning shaffofligi ta'minlanadi.

Suhbatdoshning aytishicha, “Elektrohisob” dasturiy kompleksini joriy etilishining eng asosiy maqsadi, elektr energiyasi iste'molchilarining vaqtini tejash, ortiqcha mablag‘ sarflash va aldanishdan xalos etishdan iboratdir. Iste'molchi bir marotaba telefon raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish natijasida o‘z hisob raqami haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘ladi.

Shunday ekan, har bitta masalaning mazmun-mohiyati to‘liq o‘rganilib, so‘ngra ma'lumot e'lon qilinsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid