Sport | 11:30 / 04.05.2018
25253
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya futbolida mojaro - prezident Erdo‘g‘anning aralashuvi ham foyda bermadi

Istanbulning «Beshiktosh» klubi rahbariyati o‘z so‘zida turdi va Turkiya Kubogi yarimfinalidan o‘rin olgan «Fenerbaxche»ga qarshi takroran o‘tkaziladigan o‘yinda maydonga tushmadi.

Ma'lumki, 1/2 finalning javob bahsida «Fenerbaxche» muxlislari «burgutlar» ustozi Shenol Gyuneshning boshini yorgan, o‘yin esa 57-daqiqada to‘xtatilgan edi.

Foto: AFP

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, «kanareykalar»ga texnik mag‘lubiyat yozilishi shart edi. Ammo, vaziyatga bir qator siyosatchilar, shu jumladan Turkiya prezidenti Rejyeb Erdo‘g‘an aralashganidan so‘ng, mamlakat futbol federatsiyasi o‘yinni 57-daqiqadan boshlab, yopiq tribunalar ostida o‘tkazish haqida qaror chiqardi.

Ammo «Beshiktosh» rahbariyati bu qarorni qoralab chiqdi va 3 may kuni davom ettirilishi lozim bo‘lgan o‘yinga tashrif buyurmadi.

Foto: AA.COM.TR

Natijada, «Fenerbaxche» musobaqa finaliga yo‘l oldi. «Burgutlar» esa texnik mag‘lubiyatdan tashqari, keyingi mavsum musobaqasidan ham chetlatildi. Shuningdek, ular joriy mavsumda qo‘lga kiritgan 800 ming yevro miqdoridagi mukofotni ham qaytarishlari shart.

Endi Turkiya Kubogi finalida «Fenerbaxche» va «Oqhisor» klublari bellashadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid