Jahon | 23:26 / 09.05.2018
7083
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqmoqchi emas

Foto: EPA-EFE/ANDY RAIN

Buyuk Britaniya AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e'lon qilgandan keyin bu kelishuvdan chiqmoqchi emas. Bu haqda Britaniya parlamentida mamlakat tashqi ishlar vaziri Boris Jonson ma'lum qildi.

“Buyuk Britaniya kelishuvdan chiqmoqchi emas. Aksincha, biz Eron o‘z yadroviy dasturini cheklashni davom ettirayotganiga ishontirish uchun boshqa tomonlar bilan hamkorlik qilamiz. AQSh qarori Britaniyaning kelishuvda ko‘zda tutilgan cheklovlar milliy xavfsizligimiz va Yaqin Sharqdagi barqarorlik uchun muhim bo‘lib qolishi haqidagi fikrini o‘zgartirmaydi”, deb aytgan Jonson.

Jonson AQShni “kollektiv xavfsizlik manfaati yo‘lida harakat qilish va boshqa tomonlarga kelishuvni amalga oshirishda xalaqit beradigan biror qadamlarga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirgan. “Men Eronni AQSh qaroriga bosiqlik bilan javob berish va kelishuv doirasida o‘z majburiyatlariga rioya qilishda davom etishga chaqiraman”, deb qo‘shimcha qilgan Jonson.

Tramp 8 may kuni AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e'lon qildi.

Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya yetakchilari Tereza Mey, Angela Merkel va Emmanyuel Makron Trampning qaroridan keyin kelishuvning barcha ishtirokchilarini o‘z majburiyatlarini to‘laqonli bajarishni davom ettirishga chaqirishgan. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Eron kelishuvdan voz kechmasligini va o‘z majburiyatlariga rioya etishini aytgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid