O‘zbekiston | 17:57 / 09.05.2018
30903
2 daqiqa o‘qiladi

Shomahmudovlar yodgorligi dastlabki o‘rnida qayta ochildi

Bugun, 9 may kuni Toshkentdagi «Xalqlar do‘stligi» san'at saroyi qarshisidagi maydonda Ikkinchi jahon urushi vaqtida 15 nafar yetimni asrab olgan Shomahmudovlar oilasi yodgorligi qaytadan ochildi.

Xalqlar do‘stligi siymosi hisoblangan ushbu yodgorlik o‘zbek xalqi urushning og‘ir yillarida ham samimiy bolajonligi, insoniy mehr oqibatini yo‘qotmaganining namunasidir.

«Kun.uz» mazkur jarayondan fotoreportaj tayyorladi. Bugun yodgorlikning ochilishi arafasida maydonga ikki yuzga yaqin kishi gullar bilan tashrif buyurdi.

Ma'lumot uchun, Xalqlar do‘stligi yodgorligi Toshkentda 1982 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, uning mualliflari — haykaltarosh D.B. Ryabichev va arxitektorlar L.T. Adamov, S.R. Odilov hisoblanadi.

Yodgorlik 2008 yilda shahar chetiga ko‘chirilgan, 2017 yili esa Do‘stlik bog‘iga (sobiq Bobur bog‘i) olib kelingandi.

26 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi vaqtida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Istiqlol» san'at saroyiga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga hamda «Bunyodkor» metro bekatiga «Xalqlar do‘stligi» nomini qaytarishni, shuningdek, Shomahmudovlar oilasi yodgorligini dastlabki joyiga qaytarishni taklif qilgan edi.

Mavzuga oid