22:58 / 13.05.2018
7440

Netanyaxu Al-Quds Isroil poytaxti bo‘lib qolishini aytdi

Foto: AP Photo/Sebastian Scheiner

Al-Quds falastinliklar bilan istalgan tinchlik sulhiga qaramasdan, Isroil poytaxti bo‘lib qoladi. Bunday bayonot bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu isroilliklar tomonidan Al-Quds kuni sifatida nishonlanuvchi bayram va AQSh delegatsiyasining Al-Qudsga kelishiga bag‘ishlangan qabulda aytib o‘tdi.

“Falastinliklar bilan istalgan tinchlik sulhi doirasida Isroilning poytaxti Al-Quds bo‘lib qoladi. Biz AQSh prezidenti Donald Trampga Al-Qudsning Isroil poytaxti deb tan olinishi va u yerga elchixonaning ko‘chirilishi bo‘yicha jur'atli qarori uchun minnatdormiz va hamisha minnatdor bo‘lib qolamiz. Trampning qarori oddiy haqiqatni isbotlaydi: Al-Quds 3 ming yil, oxirgi 70 yildan beri Isroilning poytaxti hisoblangan va abadiy shunday bo‘lib qoladi”, deb aytgan Netanyaxu.

AQShning Al-Qudsdagi elchixonasi 14 mayda ochiladi. Shu munosabat bilan Isroilga kelgan AQSh delegatsiyasiga AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Jon Sallivan boshchilik qilmoqda. Delegatsiya tarkibiga, shuningdek, AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin, Trampning katta kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner, qizi Ivanka Tramp, Oq uyning xalqaro muzokaralardagi maxsus vakili Jyeyson Grinblatt kirgan.

Al-Quds maqomi Falastin-Isroil ixtilofidagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Isroilliklar shaharning sharqiy qismini 1967 yilgi urush vaqtida egallab olishgan. Ular Al-Quds Isroilning “yagona va ajralmas” poytaxti ekanligini ta'kidlab kelishadi. Falastinliklar esa Al-Qudsning sharqiy qismini o‘z davlatlari poytaxti qilishni istashadi.

Mavzuga oid
Top