O‘zbekiston | 16:00 / 15.05.2018
11657
2 daqiqa o‘qiladi

Aripov Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonda ishlashga taklif qildi

Foto: dea.kg

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yirik nemis kompaniyalarini respublikada o‘z biznesini ochishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston Germaniya bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va Germaniya sarmoyalarini jalb qilishdan manfaatdordir.

«Biz Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga taklif qilamiz, ular bizning savdo-iqtisodiy hamkorligimizni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi», - dedi Aripov Toshkentdagi O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumida. 

Hukumat, uning bildirishicha, mamlakatda ishlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga tayyor. «Xususan, biz hozirgina Germaniya-O‘zbekiston kengashi yig‘ilishida Toshkentda nemis sanoat zonasini tashkil etish masalasini muhokama qildik», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.
 
Bosh vazirning umid qilishicha, O‘zbekistonda bunday yagona sanoat zonasining paydo bo‘lishi Germaniya sarmoyalarini jalb qilishga va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

Shuningdek, hukumat Germaniya bilan Toshkentda birgalikda tashqi savdo palatasini tashkil etishni taklif qildi.

«Germaniyalik hamkorlarimizga Toshkentda nemis-o‘zbek tashqi savdo palatasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz. Ehtimol, u Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmon doiralari kengashi huzurida bo‘lar», - dedi Aripov Germaniya ishbilarmonlari oldida chiqish qilib. 

Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi eng yirik savdo sherigidir. 2017 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya savdo hajmi 613,2 million dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi choragida tovar aylanmasi 30 foizdan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aripov  O‘zbekistonni yaqin 2 yil ichida katta o‘zgarishlar kutayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid