O‘zbekiston | 14:52 / 15.05.2018
5417
2 daqiqa o‘qiladi

XMT o‘zbek hukumatining majburiy mehnatga doir yangi qarorini olqishladi

Xalqaro Mehnat tashkiloti O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga doir yangi qarorini olqishlashini bildirdi. Tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi mulozimi Yonas Astrup shunday bayonot berdi. 

“Biz turli hukumat va nohukumat idoralarga yangi majburiyatlar yuklanganini ko‘rishdan mamnunmiz. Biz, shuningdek hujjatda (Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son qarori nazarda tutilmoqda) fuqarolik jamiyatiga ham aniq havola mavjudligini e'tirof etamiz. 

Majburiy mehnat – murakkab muammo bo‘lib, uni bartaraf etish uchun barcha birgalikda o‘z vazifasini bajarishi kerak bo‘ladi. Hukumat qarori aynan shuni tadbiq etadi. 

O‘zbekiston konstitutsiyasida majburiy mehnat taqiqlanishi xususida aniq so‘z yuritilgan, albatta. Hukumatning bu qarori ham shunday.

Masalan, prokuratura xodimlari qonunlar va qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish uchun mas'uldirlar. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Savdo-sanoat palatasi ham qonunlarga rioya etilishini nazorat qilishda majburiyatlarga ega. Yana bir ijobiy qadam tashlandi. Hukumat qarori buni yanada yuzaga chiqaradi”, - dedi Y.Astrup.

Uning bildirishicha, umuman, Xalqaro Mehnat tashkiloti hukumat qarorini juda yuqori baholaydi.
 
“Biz bu sohadagi ulkan o‘zgarishlarni tan olamiz hamda hukumatni jarayonni davom ettirishga va fuqarolarda murojaat qilishga turtki berishni kuchaytirishga chaqiramiz. 

Agar biz barchamiz, birgalikda ishlasak, bu muammoni bartaraf eta olamiz. Aytishim mumkinki, hukumat mulozimlarining mazkur muammoga jiddiy yondashuvi O‘zbekiston kelajagiga nisbatan ishonch bilan qarashimga asos bo‘lmoqda. Biz, Xalqaro Mehnat tashkiloti sifatida imkon darajasida bu jarayonni yengillashtirishda ko‘mak berishga tayyormiz”, - deyiladi XMTning Toshkentdagi vakolatxonasi bosh texnik konsultanti bayonotida.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid