O‘zbekiston | 10:20 / 17.05.2018
23820
2 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ishbilarmon doiralar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan «Villard interkontinental» mehmonxonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a'zolari, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari, biznes va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev prezident Donald Tramp bilan muloqoti o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida o‘tganini alohida ta'kidladi.

«Biz bu tarixiy tashrifni keyingi ikki yil mobaynida misli ko‘rilmagan sur'atlar bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston — AQSh hamkorligining mantiqiy davomi, deb bilamiz. Garchi mamlakatlarimiz geografik nuqtai nazardan bir-biridan olisda joylashgan bo‘lsa-da, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik va vatanparvarlik kabi qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turadi», dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayayotgani ta'kidlandi. Kuni kecha ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida qariyb 4,8 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolangani yuqori baholandi.

Uchrashuvda davlat rahbari O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganib, butun dunyoda keng targ‘ib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkur izhor etdi.

Mavzuga oid