O‘zbekiston | 14:35 / 22.05.2018
14807
4 daqiqa o‘qiladi

IIV: Andijonda ichki ishlar organlarini boshqarishning yangi tizimi joriy etiladi 

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 19-20 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov viloyat ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ichki ishlar vaziri Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasi va shahar hududida aholiga xizmat qilayotgan beshta ichki ishlar bo‘linmalari hamda Andijon tumani Ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurib, mahallalarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada jamoatchilik bilan hamkorlikning ahvoli, idoralar joylashgan binolarda xizmatni tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar yaqindan o‘rganildi.

Vazir ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishar ekan, prezident tizim oldiga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqib hozirga qadar Samarqand va Urganch shaharlari, Urgut va Qo‘shko‘pir hamda Toshkent shahri tumanlarida tajriba tariqasida joriy etilgan ichki ishlar organlarini boshqarish va xizmatni tashkil etishning yangi tizimi amalda o‘zini oqlab, faoliyat natijadorligiga erishishning yana bir samarali vositasi sifatida namoyon bo‘layotganligini, maqsad kuch va vositalarni hududiy bo‘linish asosida imkon qadar aholiga yaqinlashtirib, unga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlarini maqsadli va manzilli amalga oshirish ekanligini ta'kidladi hamda mazkur tizimni qisqa muddatda Andijon shahriga ham tatbiq qilish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddi rahbarlariga ko‘rsatma berdi. 

Mazkur tizimga muvofiq, Andijon shahrida hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan Ichki ishlar boshqarmasining negizida shahar hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 ta sektorning har birida 1 tadan ichki ishlar bo‘limi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida boshqarma tashkil etiladi. 

Hozirda shahar IIBda mavjud, zarur hollarda esa qo‘shimcha kuch va vositalar quyi tizimga, ya'ni sektorlarda tashkil etiladigan ushbu bo‘limlar faoliyatiga jalb qilinadi. Shu bilan birga, hududlarda xavfsizlikni ta'minlash borasida sektorlardagi ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish rejalashtirilgan. 

Tashrif davomida Ichki ishlar vazirligi tomonidan Andijon shahar va Andijon tumani ichki ishlar organlariga xizmatni olib borish uchun zarur bo‘lgan yangi avtoulovlar ajratilib topshirildi. 

Shuningdek, ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov IIVning Andijon akademik litseyida bo‘lib, muassasada o‘quv jarayonining tashkil etilishi, o‘quv-metodik ta'minlanishi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid