Sport | 12:10 / 22.05.2018
16616
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mundiali vaqtida qanday cheklovlar bor?

Foto RIA «Novosti»

Navbatdagi jahon chempionati boshlanishiga ham bir oydan kamroq vaqt qoldi. Bu safargi mundialning Rossiyada o‘tishi juda ko‘p sonli o‘zbek muxlislarining ham o‘yinni jonli ko‘rish uchun otlanishlariga sabab bo‘la oladi.

Mundial o‘yinlari Moskva, Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Kaliningrad, Qozon, Nijniy Novgorod, Saransk, Samara, Sochi va Rostov shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Tjournal.ru sayti chempionat davomida bu shaharlarda istiqomat qiluvchilar va mehmonlar uchun qanday yangi qoidalar joriy qilinishi bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etdi.

Ro‘yxatga qayd etish

O‘yinlar bo‘lib o‘tadigan barcha shaharlarda alohida, o‘ziga xos ro‘yxatga olish qoidasi ishlab chiqilgan. Agar sizda ushbu shaharda yashash uchun doimiy propiska bo‘lmasa, borgandan keyin uch kun ichida mahalliy MVD yoki MFTs boshqarmasiga uchrashingiz kerak. Elektron pochta orqali xat yuborish yoki blankani to‘ldirib jo‘natish o‘tmaydi, shaxsan idoraga borishga to‘g‘ri keladi. 

U yerda pasport va vaqtincha yashash uchun hujjat, masalan kvartira bilan ijara shartnomasini ko‘rsatasiz. Agar mehmonxonaga joylashgan bo‘lsangiz, ro‘yxatga olinish shart emas, u yerda avtomatik tarzda siz tomoningizdan ariza to‘ldirilgan bo‘ladi.

Alkogol mahsulotlari

Xavfsizlik choralarini kuchaytirish borasidagi prezident farmoniga muvofiq, chempionat bo‘lib o‘tadigan stadionlarda shisha idishlarda alkogol savdosi taqiqlanadi. Stadiondan ikki kilometr masofadagi magazinlar yoki shoxobchalarda, vokzal hududlarida ham ko‘p miqdordagi odamlar to‘planishi munosabati bilan alkogol sotuvida cheklovlar joriy qilingan. Stadionlarda va fan zonalarda faqat turnirning homiylari bo‘lgan pivo kompaniyalarining mahsulotlari sotiladi.  

Mitinglar va boshqa tadbirlar

Putinning yuqorida tilga olingan farmoniga asosan, futbolga va sportga aloqasi bo‘lmagan har qanday ommaviy tadbirlarga cheklovlar qo‘yiladi. Yig‘ilish, miting yoki tadbir tashkilotchilari o‘tkaziladigan joy bo‘yicha mahalliy hukumatlarning qaroriga quloq tutishlari kerak.

Gadjyetlar va qurollar

Vazirlik buyrug‘iga asosan, stadionga kirishda har qanday turdagi radioelektron gadjyetlarga marka yopishtiriladi. Bu cheklovlarning sababi, stadiondagi FIFA va xavfsizlik xizmati xodimlari ham shunday gadjyetlardan foydalanishlaridir. Bular:

  • Bluetooth-garniturlar;
  • GSM, Wi-Fi, LTE formatidagi USB-modemlar;
  • avtomobillar signalizatsiyasi;
  • GPS/GLONASS navigatorlar;
  • Ratsiyalar.

Shuningdek, JCh-2018 o‘tadigan shaharlarda fuqarolarga mo‘ljallangan har qanday turdagi qurollar sotuvi vaqtinchalik to‘xtatiladi. Ov miltiqlari, karabin, jarohat yetkazuvchi pistoletlar, ularning ehtiyot qismlari yoki o‘qlarini sotib olishning iloji bo‘lmaydi. 

Transport

Transport vazirligi JCh-2018 o‘tadigan shaharlarda faqat «ERA-GLONASS» tizimidagi avtobuslarga va MVDdan ruxsatnoma olgan hududlararo reyslarga ruxsat beradi, xolos.

Stadion atroflarida piyodalar yo‘lakchalari hosil qilinadi va fan-zonalar joylashgan hududlarda yo‘l harakati qisman cheklanadi. Masalan, Volgogradda juda ko‘p asosiy ko‘chalar yopiladi va stadionga 1,5 kilometr yaqinlikdagi fuqarolardan shaxsiy avtomobilini boshqarish uchun alohida ruxsatnoma rasmiylashtirish talab etiladi. Shuningdek, futbolchilarni, jurnalistlarni yoki FIFA personalini tashiydigan avtomobillar alohida ajratilgan yo‘llar orqali harakatlanadi. 

Boshqa choralar

  • Rossiyalik talabalar muddatidan avval sessiyani topshirishlari, diplomlarni himoya qilishlari va yotoqxonalarni Rosgvardiya uchun bo‘shatib qo‘yishlari kerak bo‘ladi. MGU talabalari bunga qarshi chiqishmoqda, ammo hali bu qaror bekor qilinmadi.
  • Mahalliy xukumatlar ham ba'zi qarorlar chiqarishlari mumkin, masalan, Volgogradda o‘yin bo‘ladigan kunlar dam olish kuni deb e'lon qilindi.
  • Favqulodda holatlar vazirligi ko‘chada olov yoqish, mangallarda kabob pishirish kabi ishlarni taqiqladi.
  • FIFA qoidalariga ko‘ra, muxlislar stadionga narkotiklarni faqat retsept bo‘yicha olib kirishlari mumkin. Ammo JCh tashkiliy qumitasining bayonotiga ko‘ra, Rossiya qonunchiligi buni ham taqiqlaydi.

Mavzuga oid