O‘zbekiston | 10:50 / 22.05.2018
22406
2 daqiqa o‘qiladi

Sergey Shoygu Toshkentda. U O‘zbekiston prezidenti qabulida bo‘ladi

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu 21 may kuni Toshkentga keldi. U 22-23 may kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifini amalga oshirmoqda. 

U Toshkentda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi, shuningdek, Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.

Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov Sergey Shoygu bilan muzokaralar olib boradi. Unda ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy, harbiy-texnik va harbiy ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi rejalari xususida so‘z yuritiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida Rossiya mudofaa vaziri Qurolli Kuchlar akademiyasi bilan tanishishi, hukumat darajasidagi bir qancha uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Rossiya mudofaa vazirining matbuot kotibi Rossiyana Markovskayaning ma'lumot berishicha, Sergey Shoygu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali Rossiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishgan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid