O‘zbekiston | 14:59 / 23.05.2018
23095
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev AQShda yangi guruhni ta'sis qilish tashabbusini bildirgan

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShda O‘zbekiston bilan parlamentlararo aloqalarni ilgari surishga qaratilgan kokus, ya'ni hamkorlik guruhini ta'sis qilish tashabbusini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Xalq so‘zi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«O‘zbekiston tarafi Kongressning AQSh ijtimoiy-siyosiy hayotidagi tutgan o‘rnini inobatga olgan holda, bu muassasa bilan tizimli ravishda munosabat o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda. Prezidentimiz AQShda O‘zbekiston bilan parlamentlararo aloqalarni ilgari surishga qaratilgan kokus, ya'ni hamkorlik guruhini ta'sis qilish tashabbusini bildirdi. AQShlik kongressmenlar mazkur tashabbusga katta qiziqish bilan qarab, bu taklifni yaqin kunlarda ko‘rib chiqajaklarini aytishdi. Chunki, ularning fikricha, mazkur hamkorlik mexanizmidan AQSh Kongressi ham manfaatdordir. Shu sababli Oliy Majlis va AQSh Kongressi o‘rtasidagi hamkorlik guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi qayd etildi», - deya aytib o‘tgan Safoyev.

O‘zbekiston prezidentining tashrifi doirasida Vashingtonda kongressmenlar bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, avval Kongressdagi suhbatlar, muzokaralar juda og‘ir o‘tgan.

«Ilgarigi tajribamdan bilamanki, Kongressdagi suhbatlar, muzokaralar juda og‘ir o‘tar edi. Doimo savollar, tanqidiy mulohazalar o‘rtaga tashlanardi. Bu gal — tajribamda birinchi marta Amerika Qo‘shma Shtatlarida olqishdan boshqa gap eshitmadik», - dedi senator.

Prezident bilan muloqotda bo‘lgan amerikalik senator va kongressmenlar, birinchi galda, O‘zbekistondagi islohotlarga, jumladan, davlat boshqaruvini takomillashtirish, demokratiyani, iqtisodiy erkinlikni ilgari surish borasidagi ishlarga yaxshi baho berishgan.
 
«Amerikalik siyosatchining aytishicha, aynan keng ko‘lamli islohotlar evaziga O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ishonch avvalgi davrlardagiga nisbatan keskin mustahkamlandi», - deya aytib o‘tdi Safoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sodiq Safoyev O‘zbekiston prezidentining bugungi kunda xalqaro miqyosda katta obro‘ga ega ekanligi, eng yetakchi davlatlar rahbarlari tomonidan yuqori hurmat bilan tilga olinayotgani AQShga tashrifning muvaffaqiyatli tashkil etilishida muhim rol o‘ynagani haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid