O‘zbekiston | 20:30 / 24.05.2018
5664
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlisda ilk marta inson huquqlari bo‘yicha hisobot tinglanadi

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Universal davriy kengashida Uchinchi milliy hisobotni taqdim etgan O‘zbekiston delegatsiyasi Oliy Majlisda o‘z ishi haqida hisobot beradi.

7-18 may kunlarida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi universal davriy tahlilga (UDT) oid Ishchi guruhining 30-sessiyasi o‘tkazilgan, 9 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasi inson huquqlari bo‘yicha hisobotni taqdim etgandi.

«Delegatsiya a'zolari deputatlarga bizning hisobotimiz muhokamasi qanday kechgani haqida gapirib berishadi», deya Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri. Parlamentariylar hisobot bilan iyun oyida tanishishi kutilmoqda.

Jyenevadagi yig‘ilishda O‘zbekistonga 212ta tavsiya berilgan. Ularning aksar qismi O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan.

«O‘tgan safar biz bunchalik ko‘p tavsiyalarni qabul qilmagandik, bu safar – 200dan ortig‘ini», – deya qayd etgan Saidov.

Endilikda, uning so‘zlariga ko‘ra, parlament nafaqat xalqaro kelishuvlarni ratifikatsiya qiladi, balki inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga mamlakatda amal qilinishini ham nazorat qiladi.

«Parlament endi faqat ratifikatsiya qilish bilan kifoyalanmaydi, u O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qay tariqa amal qilinayotganini nazorat qiladi. Bu BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Universal davriy kengashida va Xalqaro parlament ittifoqida yuqori baholanadi», – degan Saidov.

U xorijiy delegatsiyalar O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlardan boxabar etilganini qayd etib o‘tgan.

«Shu ruhda davom etish kerak, islohotlarni davom ettirish, xalqaro hamkorlar bilan yanada yaqindan ishlash kerak», – degan Saidov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid