Iqtisodiyot | 12:32 / 24.05.2018
8211
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston O‘zbekistonga 2,1 million dollarlik elektr energiyasi sotdi

Foto: i.ytimg.com

Tojikiston joriy yilning aprel oyida 128 million kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilgan. Bu hajmning 84 foizi O‘zbekistonga sotilgan, deb yozmoqda Asia Plus media portali.

«2018 yilning aprel oyida «Sangto‘da-1» va «Sangto‘da-2» GESlaridan Afg‘onistonga 12 mln kVt-soat, Qirg‘izistonga 9,9 mln kVt-soat va O‘zbekistonga 106,9 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgan», deyiladi «Tojikistondagi monitoring va barvaqt bildirish» hisobotida. Bu hisobot har oyda Tojikiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi tomonidan YeXHTning moliyaviy ko‘magida tayyorlanadi.

Qo‘shni davlatlarga eksport qilingan elektr energiyasi hajmi Tojikistonda o‘tgan oyda ishlab chiqarilgan jami hajmning 10 foizini tashkil etgan.

«Barqi Tojik» tasarrufidagi quvvatlar ostida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi aprel oyida 1,4 milliard kVt-soatni tashkil etgan.

Tojikiston elektr energiyasining qo‘shni O‘zbekistonga yetkazib berilishi qariyb 10 yillik uzilishdan so‘ng aprel oyining boshida qayta tiklangan.

Kutilishicha, Tojikistondan O‘zbekistonga eksport qilinadigan elektr energiyasining umumiy hajmi yiliga 1,5 milliard kVt-soatdan kam bo‘lmaydi.

Ikki mamlakat energetika kompaniyalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, yozgi davrda O‘zbekiston Tojikistondan bir kilovattini 2 sentga, qishki davrda 2,5 sentga xarid qiladi.

Bungacha Tojikiston o‘z elektr energiyasini faqat Afg‘onistonga va juda kam miqdorda Qirg‘izistonga eksport qilib kelgan.

Mavzuga oid