Jahon | 19:35 / 25.05.2018
10636
2 daqiqa o‘qiladi

Lavrov MN17 bo‘yicha vaziyatni Skripallar ishi bilan tenglashtirdi

Foto: RIA Novosti /Maksim Blinov

Rossiya tashqi siyosat idorasi rahbari Sergey Lavrov Niderlandiya TIV rahbari Stef Blok bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi va MN17 halokati surishtiruv ishlarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda RIA «Novosti».

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Blok xalqaro guruh surishtiruvining Rossiya halokatga aloqador ekani bo‘yicha xulosalarini tasdiqlovchi dalillarni keltirmagan.

«Men hamkasbimga Rossiya bu tergov bilan hammadan ko‘p hamkorlik qilganini eslatdim. Bu bizni surishtiruv bo‘yicha qo‘shma guruhga taklif qilishmaganiga qaramay yuz berdi», - degan Lavrov.

Vazirning aytishicha, tergovchilarga halokat haqidagi «barcha batafsil ma'lumotlar» berilgan. Uning bildirishicha, kuni kecha Niderlandiya prokuraturasi tomonidan navbatdagi murojaat kelib tushgan, unga javob qaytarishga shunchaki jismoniy jihatdan imkoniyat bo‘lmagan.

«Men ular murojaat yo‘llab va javob olmay, o‘sha kuniyoq o‘z ishlarida yangi daraja haqidagi e'lon qilishganidan hayratga tushdim. Biroq, ular tergovning yakuniy ravishda tugashi uchun ko‘p vaqt talab etilishini bildirdi», - deydi Rossiya TIV rahbari.

U ro‘y berayotgan holatni Skripallar ishi bilan taqqoslagan. Bu ishda Rossiyani zaharlashda ayblashdi, ammo surishtiruv davom etmoqda.

«Agar bizning sheriklar bu holatda ham - gap insonlar og‘ir fojiasi, yuzlab odamlarning halok bo‘lishi haqida ketyapti - o‘z siyosiy maqsadlariga erishish uchun harakat qilishayotgan bo‘lishsa, bu ularning vijdoniga havola», - deya qo‘shimcha qilgan Lavrov.

Shuningdek, u Rossiya tomonida ko‘plab savollar paydo bo‘layotganiga qaramay, hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya MH17 halokatida rasman ayblangandi.

Mavzuga oid