20:51 / 29.05.2018
11308

Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziriga korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘yildi  

Foto: Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati

Qirg‘iziston milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasi mamlakatning sobiq bosh vaziri Sapar Isaqovga korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘ydi.  

Qirg‘iziston parlamenti aprelda 2017 yil natijalari bo‘yicha Isaqov hukumatiga ishonchsizlik votumi e'lon qilgandi. Bu Qirg‘iziston tarixida hukumatning ishonchsizlik bildirilishi sababli ilk iste'foga ketkazilishi bo‘lgan. 

Isaqovga ayblov Bishkekdagi issiqlik elektr markazining (IEM) modernizatsiya qilinishida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi holati bo‘yicha qo‘yilgan va sobiq bosh vazirga nisbatan mamlakatdan tashqariga chiqmaslik ko‘rinishida ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Ma'lum qilinishicha, Isaqov 2013 yilda sobiq prezident Almazbek Ataboyev apparati rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan vaqtda Bishkek IEMni modernizatsiyalash loyihasini amalga oshirishda o‘zining siyosiy mavqeidan foydalanib, bir guruh shaxslar bilan birgalikda pudratchini tanlashda xorijiy kompaniya manfaatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Buning natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga o‘ta katta qiymatda ziyon yetkazilgan.

Bunday ayblovga esa Bishkekdagi yagona IEMda yanvarda anomal sovuq vaqtida avariya yuz bergani sabab bo‘lgan. Poytaxtda normal issiqliq ta'minoti rejimini bir haftadan keyingina tiklashga muvaffaq bo‘lingan. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, “Elektr stansiyalar” davlat kompaniyasining deyarli barcha yetakchi boshqaruvchilari hibsga olingan. 

Avariyadan keyin markazning modernizatsiyalanishi bo‘yicha yirik mojaro chiqqan. Ushbu markazni modernizatsiyalash 386 mln dollarga tushgan.

Top