Eng aqlli murabbiy: Zidanning “Real”dan ketishi haqida
Dunyoda eng zo‘r murabbiy kim ekanini bilmayman, ammo menimcha, dunyoda eng aqlli murabbiy bu – Zayniddin Zidan. Hamma uchun kutilmaganda u “Real”ni tark etish fikriga kelgani uchun ham aqlli. Men ilgari, u endigina “Real” boshqaruviga kelganida bir maqola yozgan ekanman. Futbolchilik davrini eng to‘g‘ri pallada tugatgan Zidan murabbiylikda ham shu ishni qila oladimi, deb savol bergandim o‘shanda. Buyog‘iga, u yana murabbiylik qiladimi, qayerda va qanday ishlashi menga qorong‘u. Ammo “Real”ni, mana shunday ajoyib ikki yarim yildan keyin, kelasi mavsumda har qanday xatoni qilishga haqqi bo‘lib turgan bir paytda ketayotgani qisman o‘sha savolga javob bergandek, nazarimda. Keling, o‘sha maqolani e'tiboringizga havola qilay:
Buvam Messini ko‘rmaganlar. Ammo Peleni va Maradonani ko‘rganlar. Dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb esa, Mixail Mesxini bilardilar. Aytishlaricha, ushbu gruziyalik hujumchining xayrlashuv uchrashuvi ham qiziq o‘tgan ekan. Soyib Xo‘jayev ishtirok etgan “Yor yor” filmidagi futbol sahnasi esingizdami? “Paxtakor” o‘sha davrlardagi eng kuchli jamoalardan biri, Urugvayning “Nasonal” klubi bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgandi. O‘sha “Nasonal” faqat Toshkentga kelmagan, “Paxtakor”ga qarshi o‘yin urugvayliklar uchun Yevropa turnesining yakuni edi.
1969 yilning yozida “Nasonal” Tbilisida mahalliy “Dinamo”ga qarshi maydonga tushadi. Mutasaddilar o‘sha pallada o‘z faoliyatini yakunlash arafasida yurgan, “Dinamo”ni esa allaqachon tark etib bo‘lgan Mesxini o‘yinga taklif qilishadi. Bahonada mashhur futbolchi bilan xayrlashuv o‘yinini ham tashkil qilib olish maqsadida. Kelishuvga ko‘ra Mixail birinchi taymdagina o‘ynashi ko‘zda tutilgandi. U o‘zining ajoyib o‘yini bilan raqiblarni ham hayron qoldiradi. Taym tugab, odatga ko‘ra futbolchilar Mesxini qo‘llarida ko‘tarib maydonni aylantirishayotganliklarini ko‘rgan urugvaylik mashhur murabbiy Zeze Moreyra dastlab tushunmaydi va savol beradi:
- Sizlarda o‘yinchi almashtirilayotganda shunday odat bormi?
Mesxining so‘nggi o‘yini ekanligini va shuning uchun bu hurmat ko‘rsatilayotganligini tushuntirishgach, uning hayronligi battar oshadi va istehzoli kulimsirab:
-U ketyapti, bular qolishyaptimi? –deb so‘raydi.
Zayniddin Zidanning futbolchilik faoliyati haqida gap ketganda, doim mana shu hikoya esga tushaveradi. Frantsuzning “Real” boshqaruviga kelgan paytdagi holat, hali hech qachon hech qaysi klubni boshqarmagan tajribasiz murabbiyga nisbatan bo‘layotgan bu qadar ishonchning zamirida ham aynan shu jihatmikin, deb o‘ylayveraman. Zidanning boshqa futbolchilardan farqi ham shunda – uni hech qachon ojiz ko‘rmaganmiz.
U zaxirada o‘tirmagan. U Qatarga yoki AQShga ketmagan. U bundayroq klubda faoliyatining so‘nggi davrlarini o‘tkazmagan.
U terma jamoadan chetda qolmagan. Futbolni tark etishidan bir hafta oldin jahon chempionati chorak finalida “Oltin to‘p” sohiblari Ronaldo-yu Ronaldinolarni mahv etgan. U futbolni tark etishidan uch kun oldin bo‘lajak qirol Ronalduni o‘z fintlariga mahliyo etgan. U futbolni tark etishidan bir soatgina oldin dunyoning eng zo‘r darvozaboni Buffonga “panenko usuli”da gol urgan. Shunday ketgan u futboldan.
Shuning uchun ham uning o‘xshashi yo‘q. Shuning uchun ham unga o‘xshash qidirganimda dadam emas, buvamga yuzlanishga majbur bo‘laveraman.
Zidan bir kun kelib qaysidir klubni boshqarishi aniq edi. Zo‘r futbolchilardan zo‘r trenerlar chiqmaydi, degan gaplar qayta eslanishi ham haqiqat, hatto, yaxshi murabbiylar zaxirada o‘tiraverib, murabbiylik malakasini oshirishadi, qabilidagi hazilomuz gaplar ham bor. Lekin bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. Pele yoki Maradonani misol keltirsangiz, Kroyf va Bekkenbauerni aytishim mumkin, masalan. Shunchaki, zo‘r futbolchilar unchalik ko‘p emas, demak, bundaylarning murabbiylik davri ham hammaning ko‘z o‘ngida kechadi. Axir minglab yomonroq, o‘rtacharoq futbolchilar o‘tgan tarixda, ularning ichida yaxshi murabbiylarning ulushi juda juda kamku, to‘g‘rimi?
Xullas Zidanni “Real”da nimalar kutayotgani, oqibatda undan qanday darajadagi murabbiyni kutishimiz mumkinligi menga unchalik qiziq emas, qizig‘i, u murabbiylikni ham aynan futbolchilik faoliyati singari, eng yuqori cho‘qqida tark eta oladimi? Fergyuson yoki Bakkenbauer kabi, ayni vaqtida to‘xtay oladimi? Yoki Lippi yoki Rekxagel kabi “yana bir urinib ko‘rishni” tanlab sharmanda bo‘larmikin?
Bilasizmi, bunisi endi ancha qiyin. Futbolchi o‘zini kuch tark etayotganini, avvalgi fintlar va zarbalar o‘xshamayotgani-yu tezlik pasayib qolganini sezib turadi. Futbolni tark etish uchun taxminiy yosh ham bor, qandaydir. Lekin aqlning nurab, o‘tmaslashib borayotganini vaqtida payqash osonmikin?
Hayotda ham shunday, har qanday kasbda ham shunday, nazarimda. Vaqt o‘tib, yoshimizga yosh qo‘shilsa, go‘yoki, tajribali, aqlli bo‘lib qolishimizni, bugundagi ko‘pgina xatolarimizni tuzatish imkoni bo‘lishi haqida ko‘p o‘ylaymiz, reja qilamiz. Ammo aslida, ertangi tajribamiz ham bugungi aqlimiz ustiga qurilishini, eng muhimi qo‘ldan chiqib ketgan kecha yoki hali qo‘lga kiritilmagan erta emas, bugungi holatimiz, bugungi qarorlarimiz ekanini unutmaslik kerak...
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
02:06 / 15.08.2024
«Real» «Atalanta»ni mag‘lub etib, UYeFA superkubogini eng ko‘p yutgan klubga aylandi
01:58 / 02.06.2024
«Real» - 15 karra Chempionlar Ligasi g‘olibi
18:50 / 09.05.2024
Dunyoning eng qimmat klublari reytingi e’lon qilindi
02:05 / 22.04.2024