Jamiyat | 00:57 / 05.06.2018
15327
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlarga hukm o‘qildi

2018 yil 31 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida “Vodil” MFY binosida ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisiga X.Xoliqov boshchilik qildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi JK 177-moddasi 3-qismining “a” bandi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilganda) bilan Rustamjon Olimjonovich Norimov  va Shukurjon Shakirjonovich Ganiyevlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. 

Sudlanuvchilar R.Norimov va Sh.Ganiyevlar guruh bo‘lib, oldindan til biriktirgan holatda va qonunga xilof ravishda juda ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklarini o‘tkazish jinoyatini sodir etishgan. Ya'ni, ular 2018 yil 9 aprel kuni Farg‘ona tumani, Vodil qishlog‘i markazidagi 2-sonli maktabgacha ta'lim muassasi yonida qonunga xilof ravishda juda ko‘p miqdordagi, qiymati 12.300 AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklarini maxsus xaridor X.Asqarovaga 99.937.500 so‘mga o‘tkazishayotgan vaqtda Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (SVOJJDLQKD) Farg‘ona  viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan va tadbir yakuni bo‘yicha maxsus xaridorga sotilgan 12.300 AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

R.Norimov va Sh.Ganiyevlarga O‘zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan 2 (ikki) yil muddatga sutkaning soat 22:00 dan soat 06:00 gacha bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ularga nisbatan nazorat qiluvchi organnning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik kabi qo‘shimcha taqiq (cheklash)lar yuklatildi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e'lon qilingan kundan, mahkumlar esa, hukm nusxasini olgan kundan boshlab o‘n sutka muddat ichida shu sud orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay'atiga, hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab kassatsiya sudlov hay'atiga protest yoki shikoyat keltirishlari mumkinligi tushuntirildi.

Зафар Солижонов
Tayyorlagan Зафар Солижонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid