Sport | 19:34 / 06.06.2018
2634
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik malakali sport shifokorlari O‘zbekistonga keladi

Foto: MOQ axborot xizmati

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan bevosita tanishish, musobaqa tashkiliy qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashish maqsadida Yaponiyaga bordi.

O‘zbekiston MOQ rahbari kunchiqar yurtda 2020 yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi va mamlakat sport assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Yaponiya vakillar palatasi a'zosi Toshiaki Endo bilan ko‘rishdi. Uchrashuv davomida tomonlar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tashkiliy va boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.

«Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston katta sport delegatsiyasi bilan ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Zimmamizda ayni paytda qanday mas'uliyat turganini juda yaxshi his qilib turibmiz. Maqsadimiz Riodagi Olimpiya o‘yinlaridan ham yaxshiroq natija qayd etishdir. Biz navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborganmiz. O‘yinlar boshlanishiga yaqin mamlakat iqlimiga, mahalliy shart-sharoitga moslashish maqsadida sportchilarimiz uchun aynan Yaponiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil qilib berish foydadan holi bo‘lmaydi. Bu masalada bizga yordam berasiz degan umiddaman», – dedi Ahmadjonov uchrashuv chog‘ida.

Tokioga safari davomida Umid Ahmadjonov shuningdek, Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tsunekadzu Takeda bilan ham uchrashadi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yaqinlashib kelayotgan Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar.

Shundan so‘ng, Umid Ahmadjonov nafaqat Yaponiya, balki jahonda o‘ziga xos obro‘-e'tiborga ega tibbiyot fanlari doktori, professor, sport tibbiyoti tadqiqot markazi dotsenti, Yaponiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi sport tibbiyoti kafedrasi mudiri Xiroyuki Ishida bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda sport tibbiyotini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘zaro tajriba almashish masalalarida kelishuvga erishdilar.

Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida jahon standartlariga to‘liq javob beradigan, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ham faoliyat olib boradi. Umid Ahmadjonov yaponiyalik shifokorlarni yurtimizga taklif qildi. Ushbu taklifga javoban Xiroyuki Ishida boshchiligidagi shifokorlar 27 iyul – 2 avgust kunlari poytaxtimizga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik hamkasblariga master-klass va seminarlar o‘tkazib berish istagini bildirdilar. Unda yapon mutaxassislari tibbiyot markazi faoliyatini samarali tashkil etish, sportchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni to‘g‘ri ovqatlantirish, o‘z vaqtida kerakli vitaminlar bilan ta'minlash kabi masalalar yuzasidan o‘z tavsiyalarini beradilar.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid