Jamiyat | 18:27 / 08.06.2018
18067
3 daqiqa o‘qiladi

Kasalxona xodimlariga tan jarohati yetkazgan oila a'zolari javobgarlikdan ozod etildi

Buxoro viloyatining Kogon shahrida yaqinining o‘limidan tushkunlikka tushib, kasalxona xodimlariga tan jarohati yetkazgan oila a'zolari javobgarlikdan ozod etildi. Bu haqda Buxoro IIB xabar bermoqda.

Aka-uka Javohir va Jahongir Abduvohidov hamda ularning otasi Karim Rashidovlar Buxoro viloyatining Kogon shahar Tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limida Javohir Abduvohidovning turmush o‘rtog‘i M.Abduvohidova vafot etganidan so‘ng unga tibbiy muolajalar ko‘rsatishning foydasiz ekanligini tushuntirgan shifokor Barotov Shuhrat Karimovichning yuz, chakka va burun sohalariga bir necha marotaba qo‘l va oyoqlari bilan qasddan uradi. Shifokor “bosh miya lat yeyishi yengil darajasi, o‘ng yonoq suyagini ikki joyidan yopiq sinib siljishi, gaymoral bo‘shliq old devorining yopiq sinib siljishi” kabi o‘rta og‘irlikdagi tan jarohatlari oladi.

Shuningdek, ular shu kuni yuqoridagi holatni bartaraf qilmoqchi bo‘lgan reanimatsiya bo‘limi feldsheri Qurbonov Furqat Qurbonovichni bosh va bel sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, “bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon yagona buyrak lat yeyishi, yuqori labi chap yarmi ichki qon quyilishi va shilinma, bosh miya chap tepa sohasida qontalash” kabi sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlari yetkazishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi ishni mazmunan ko‘rib chiqib, sudlanuvchilar J.Abduvahobov, K.Rashidov va J.Abduvahobovning huquqqa xilof qilmish jinoiy harakati Jinoyat Qodeksining 105-moddasi 2-qismi “v, i” bandlari va 109-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil qilsa-da, sudlanuvchilarning harakatlari og‘ir oqibat keltirib chiqarmaganligi, qilmishidan pushaymonligi, og‘ir ruhiy iztirob, ya'ni marhuma M.Abduvohidovaning o‘limi natijasida kelib chiqqan tushkunlik holatida jinoyat sodir etganliklari, ijobiy tavsifnomasi, jabrlanuvchilarning da'vosi yo‘qligini inobatga olib, ular tomonidan sodir etilgan qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan deb topdi.

Jinoyat Kodeksining 65-moddasiga asosan, ularni javobgarlikdan ozod etib, jinoyat ishini O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 5-qismi, 1-bandiga asosan harakatdan tugatdi.

Mavzuga oid