Jahon | 08:56 / 09.06.2018
7058
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun Xitoyda kengaytirilgan tarkibdagi ShHT yetakchilarining ilk sammiti boshlanadi

Foto: EPA-EFE/WU HONG

9 iyunda Xitoyning Tsindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar yetakchilarining sammiti ochiladi. Bu sammit tashkilot tashkil etilgandan beri unga a'zo davlatlar yetakchilarining 18-sonli va unga Hindiston hamda Pokiston qo‘shilgandan keyingi ilk sammit bo‘ladi. 

Sammit rasman 9 iyunda boshlanadi, biroq bu kun u butun Yevrosiyodan Tsindaoga kelayotgan yetakchilarning ikki tomonlama uchrashuvlari uchun maydonga aylanadi.  

Kechasi tantanali ovqatlanish marosimi bo‘lib o‘tadi, unda Xitoy raisi Si Tszinpin sammitning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini qutlaydi. 

Sammitning asosiy ishchi kuni 10 iyun bo‘ladi va bu kuni ShHT yetakchilari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi hamda tashkilotning yaqin yillar uchun rivojlanish yo‘nalishini belgilab beruvchi ko‘plab hujjatlar imzolanadi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston tashkilotning a'zolari hisoblanadi. Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston unda kuzatuvchi davlatlar maqomiga ega. Bundan tashqari, Armaniston, Shri-Lanka, Nepal, Kamboja, Turkiya va Ozarboyjon tashkilotga hamkor davlatlar hisoblanadi.

Sammit doirasidagi tadbirlar 2 kun davom etadi va Xitoy joriy yilda ShHTda raislik qiluvchi davlat sifatida turli siyosiy va madaniy dasturlarni tayyorlagan.

ShHT bosh kotibi Rashid Alimov sammit arafasida Tsindao sammiti yakunlariga ko‘ra terrorchilikka qarshi kurashdan boshlab savdo, iqtisodiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishgacha bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibining barcha jihatlarini qamrab oluvchi 20 taga yaqin hujjat imzolanishi kutilayotganini ma'lum qilgandi. Sammit yakunlariga ko‘ra imzolanadigan asosiy hujjat Tsindao deklaratsiyasi bo‘ladi.

Shuningdek, 10 iyunda tashkilotning 2019-2021 yillar uchun yangi bosh kotibi nomzodi tasdiqlanadi. Bu lavozimni O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov egallashi kutilmoqda.

Sammitda kutilayotgan yana bir muhim voqea unda Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning ishtirok etishi hisoblanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid