O‘zbekiston | 17:43 / 09.06.2018
228389
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yoshlar Yoshlar ittifoqining yo‘lto‘sar raisidan iste'fo so‘raydi

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev 5 iyun kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvdagi gaplaridan keyin internet yulduziga aylandi.

U dabdabali to‘ylarni jamiyatdagi asosiy muammolardan biri sifatida tilga olib, bunda o‘zini va o‘zi rahbar bo‘lgan tashkilotni aybdor sanadi hamda bu aybini bir qadar yuvish uchun amalga oshirgan «qahramonligi» bilan «maqtandi»: «Vodiyda yurganimda ko‘chada to‘y kortejini ko‘rib qoldim. Shunda mashinalarni hammasini to‘xtatdim-da, kelin bilan kuyovni tushirib, taksiga o‘tqazib, jo‘natib yubordim. Qolgan mashinalarni esa orqaga qaytardim. Shunaqangi dabdaba endi, ko‘chada hech kimga yo‘l bermaydi. Mayli, meni yomon ko‘rsin, Yoshlar ittifoqining viloyat bo‘limi rahbarini yomon ko‘rsin, lekin tartib kerak-ku! Agar yoshlarni biz tarbiyalay olmasak, Yoshlar ittifoqi tarbiyalay olmasa biz joyimizni bo‘shatib berishimizga to‘g‘ri keladi».

Ikki kundirki, ijtimoiy tarmoqda Quronboyevning bu qilmishi qattiq tanqid ostiga olinib, e'tirozlar bildirilmoqda, Yoshlar ittifoqi va uning rahbari haqida azaldan salbiy fikrda bo‘lganlar uni ayovsiz tanqid qilishi bilan birgalikda, u haqda ijobiy fikrda bo‘lgan yoshlar ham endi undan hafsala pir bo‘lgani haqida yozishmoqda va uning iste'fosini talab qilishmoqda.

Ular endi yangi oila qurayotgan yoshlarning orzularini oyoqosti qilgan amaldordan qattiq norozi, ular kuchi viloyatdagi ikki yoshga yetgan yo‘lto‘sarning harakatidan ranjishgan, ular bu amaldor jamiyatda shuncha jiddiy muammolar, ishsizlik, ta'lim sohasidagi inqirozga qarshi kurashmasdan, inson huquqlariga qarshi kurashayotganidan g‘azabga minishgan.

Bildirilgan munosabatlar orasida quyidagicha original yondashuvlar ham bor.

«5 iyundan «To‘y» tarifini ishga tushirdik. Yangi tarif bo‘yicha safarlar yosh kelin-kuyovlar uchun mutlaqo bepul, chaqiruvga esa faqat komfort mashinalar keladi, masalan: Chevrolet Malibu, Epica, Captiva — kortejdan nimasi kam?
Safaringiz xayrli bo‘lsin!».

7 iyun kuni kechqurun Qahramon Quronboyevning feysbukdagi rasmiy sahifasida unga qarshi kampaniya boshlandi — foydalanuvchilar unga 1 baho qo‘yib izoh yozishdi.

Natijada, uning sahifasida ayni vaqtga kelib 1 baholi mulohazalar soni 479ta va bu bir yil davomida yig‘ilgan 5 baholi mulohazalar sonidan ortiq (351) va Quronboyevning reytingi 5 dan 2,7 ballni tashkil qilmoqda.

Agar Qahramon Quronboyev chindan ham kelin-kuyovni to‘y mashinasidan tushirib, taksida jo‘natib yuborgan bo‘lsa, u bu harakati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VII bobidagi (Shaxsiy huquq va erkinliklar) moddalarni (25- va 27-moddalar) qo‘pol ravishda buzgan hisoblanadi. Insonning shaxsiy hayotiga Yoshlar ittifoqi raisi ham, boshqa ham aralasha olmaydi, u uchun nima kiyishni, nima yeyishni, qanday to‘y qilishni hal qila olmaydi. Bunday harakatlar faqat totalitar va avtoritar tuzumlarga xos: O‘zbekistonda — demokratik davlatda bunday qonunbuzarlik tegishli jazolanishi shart.

Bu holatda Yoshlar Ittifoqi raisi mustabid tuzum davridagi kommunistlarcha yo‘lto‘sarlik qilib, kelin va kuyovni — o‘z harakatlariga o‘zi javob bera oladigan yoshdagi mustaqil shaxslarni, o‘z mashinasidan tushirib, taksiga o‘tkazib yubormoqda. U Namangan viloyati YXHB rahbari emaski, yo‘ldagi tartibni buzgani uchun «kortej»ni to‘xtatish vakolatiga ega bo‘lsa? U buni dabdabali to‘ylarga qarshi harakat sifatida izohlamoqchi, ammo bu borada Senat qarori hali qabul qilinmagan, hali O‘zbekistonda to‘y marosimida qatnashadigan mehmonlar soni ham, mashinalar soni ham qonunga ko‘ra belgilanmadi. Qaror loyihasida ham 2ta yengil mashinadan foydalanish taklif qilingandi, zinhor kelin-kuyovning taksida ketishi emas.

Masalaning yana bir jihati bor — u o‘zini to‘xtata olmasdan, yolg‘on gapirgan bo‘lishi ham mumkin. O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi, senator, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining raisidan shunday tashabbus chiqishi aqlga sig‘maydi. Qolaversa, bu holatga uning so‘zlaridan boshqa dalil ham yo‘q. Lekin bu ham uni oqlay olmaydi. Shunday katta tashkilot tepasida oddiy yolg‘onchining o‘tirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Na qonunbuzar va na yolg‘onchi soliq to‘lovchilarning hisobidan mavjud bo‘lgan, yillik byudjyeti 200 mlrd so‘m bo‘lgan katta davlat tashkiloti rahbarligida o‘tirishga haqli emas.

Agar u faoliyatini shunday davom ettirsa, yoshlarning shaxsiy tanlovlariga aralashaversa (u bir safar Moskvadagi o‘zbeklar bilan uchrashuvda soqoli o‘sgan yigitni hammaning oldida izza qilgani bilan tilga tushgandi — tahr.) yoshlar qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatni tark etish taraddudiga tushib qolishlari tayin.

Rais, albatta, internetda ko‘tarilgan rezonansdan xabardorligi aniq. Lekin na uning o‘zi va na Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati vaziyat yuzasidan munosabat bildirmayapti.

Janob Quronboyev! Yoshlar sizni yomon ko‘rib qoldi, siz yoshlarni tarbiyalay olmaysiz, siz bunday yo‘l bilan tartib o‘rnata olmaysiz, endi faqat bir yo‘l qoldi — qonunlarni hurmat qilgan holda, o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilardan uzr so‘rab, joyni bo‘shatib qo‘yish.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid